Shu vaqtgacha kamida 14 kishi tabiiy ofat qurboniga aylangan.

Luiziana gubernatori Jon Bel Edvards shtatda kamida 10 kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan, shundan yarmi ko‘chma generatordan chiqqan iz gazi tufayli o‘lim topgan. To‘rt kishi uyiga daraxt qulashi oqibatida, yana bir kishi qayig‘i ag‘darilib ketishi oqibatida cho‘kib halok bo‘lgan.

Karib dengizida yuzaga kelgan «Laura» to‘foni payshanba kuni Luizianaga janubi-g‘arbdan kirib kelgandi. To‘fon davrida shamol tezligi soatiga o‘rtacha 150 kilometrni tashkil etmoqda, buning oqibatida 500 mingdan ortiq uy elektr ta'minotisiz qolgan, Uestleyk shaharchasida joylashgan kimyoviy zavodda yong‘in chiqqan.

Shtatda bo‘ron boshlanishidan avval hukumat aholini okeandan uch-olti metr balandlikda to‘lqin kelishi, bu esa materikning ichkarisi tomon 60-70 km masofada xavfli suv toshqini ro‘y berishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Foto: Reuters

Juma kuni mahalliy nashrlar kuchli to‘lqin yuzaga kelmagani haqida yozib, hukumatni haddan tashqari vahima qilishda aybladi. Ammo keyinroq ma'lum bo‘ldiki, bo‘ron zarbasi oxirgi lahzalarda yo‘nalishni o‘zgartirib, sinoptiklar kutgan nuqtadan 15 milya (24 km) sharqda to‘xtagan.

Bo‘ronlar milliy markazi (NHC) bo‘lim boshlig‘i Jyeymi Romi bu katta ehtimol bilan Leyk-Charlz shaharchasini qutqarib qolganini aytdi.

Foto: Reuters

Juma kuni Qurolli kuchlarning muhandislik korpusidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 15 milya sharqda to‘lqin 6 metrgacha ko‘tarilgan. Romi hukumatning ogohlantirishi muhim bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan, uning aytishicha, 10 yil avvalgi to‘fonlar qurbonlarining yarmi shunday kuchli to‘lqinlar yopirilishi oqibatida ro‘y berganini qayd etib o‘tdi. Bugungi kunda raqamlar 4 foizgacha tushgan - ekspertning aytishicha, bu  asosan Bo‘ronlar milliy markazi ogohlantirishlari evazigadir. 

Shtat gubernatori Evards qutqaruv ishlari davom etayotganini ma'lum qildi. «Qo‘rqamanki, qurbonlar soni oshishi mumkin. Umid qilaman va duoda bo‘lamanki, bunday bo‘lmaydi», degan u.

Gubernator asosiy shikastlanishlar suv tufayli emas, shamol tufayli bo‘lganini ta'kidlagan.