Botir Matmuratov, senator:

– Avvalo, Sizlarni va yaqinlaringizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – mamlakatimiz Mustaqilligining 29 yillik shodiyonasi bilan samimiy tabriklayman.

Yaqin yillar ichida o‘zbek xalqi hayotida parlamentning roli oshib bormoqda. Bu sohaning ochiqligi, shaffofligi ta'minlanishiga harakat qilinmoqda. Mustaqillik yillarida shaxs tushunchasi kengroq tushunilib, insonga oliy qadriyat sifatida qaralmoqda. Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlar bardavom bo‘lishiga barchamiz birday harakat qilamiz.

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Farida Afro‘z, deputat, “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi a'zosi, shoira:

– Bayram yaqinlashgani sayin qalbimda beixtiyor ichki bir tayyorgarlik boshlanadi. Ayniqsa, Mustaqillik, ya'niki Vatan ozodligi, millat erki, el-u yurtga hurlik olib kelgan bayramga yetganimdan shodlanaman. Bu ozod va obod kunlar uchun kurashib, jon bergan bobolarimiz ruhi oldida qalban bosh egar ekanmiz, mening ham bunda biror bir hissam bormikan, fikrimda, tutimlarim-u aytimlarimda, deb o‘ylaysan kishi.

Axir shu kunlarning qadrini bilish, shukronalik va halollik bilan yashashning o‘zi ham o‘ziga yarasha inqilob emasmi? Dunyo tamaddunida o‘zbeklar tarixining yangi sahifasini yaratish davri keldi. Yangi qarashlar, yangi fikrlar, halollik va poklik bilan yangi hayot quraylik. Xalqimizni Mustaqilligimizning yangi yoshi bilan muborakbod etaman!

Botirbek To‘razoda, deputat, O‘zLiDeP a'zosi:

– Bu yilgi Mustaqillik bayrami vaziyatdan kelib chiqib o‘ziga xos tarzda o‘tdi. Ochiq havoda, barcha sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilingan holda tashkil etildi. O‘zim asli tadbirkorman. Bugungi kunda butun jahon ahli og‘ir davrni boshidan o‘tkazmoqda. Ana shunday murakkab kunlarda tadbirkorlarimizga qator imtiyozlar berilgani katta yutuq bo‘ldi, deb hisoblayman. Xalqimiz bilan birdamlikda bu kunlarni yengib o‘tishimizga ishonaman.