Toshkent shahrida vazirlik va idoralarga tegishli yettita maʼmuriy bino jami 868,8 mlrd soʻmga sotildi. Sotilgan obyektlar qatoridan Transport vazirligi, Sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Turizm qoʻmitasi huzuridagi “Turistlarga xizmat koʻrsatish markazi” DUK, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi hamda Davlat xizmatlari agentligining binolari oʻrin olgan.
Yana 11 ta obyekt 1 095,8 mlrd soʻmlik boshlangʻich narxda savdoga chiqarilgan boʻlib, 20 ta obyekt boʻyicha sotuvoldi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga tegishli binolar boʻyicha savdolar davom etmoqda.
Qayd etilishicha, binolarni sotish Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-martdagi 146-son qarori doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur qarorda vazirliklar, idoralar va ularning tizimidagi tashkilotlarni Yangi Toshkent hududiga koʻchirish, jami 150 ta davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotni joylashtirish, shuningdek, Toshkent shahridagi ularga tegishli 83 ta koʻchmas mulk obyektini ochiq savdolarda, jumladan, ijara huquqi asosida realizatsiya qilish nazarda tutilgan.
Maʼlumot berilishicha, realizatsiya qilinishi belgilangan 83 ta obyektning yarmidan koʻpi boʻyicha jarayon boshlangan: 7 ta bino yangi mulkdorlarga oʻtdi, yana 31 ta obyekt tayyorgarlik va savdoning turli bosqichlarida.
“Mazkur jarayon Yangi Toshkentdagi yangi maʼmuriy infratuzilmani shakllantirish ishlari bilan parallel ravishda amalga oshirilmoqda. Obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar bevosita ushbu infratuzilmani barpo etishga qayta yoʻnaltiriladi. Shu tariqa, vazirlik va idoralarning Yangi Toshkentga koʻchirilishi, jumladan, boʻshayotgan davlat aktivlarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilmoqda”, deyiladi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabarida.

















