#FootWeek ko‘rsatuvining navbatdagi sonida Toshkentda yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi lagerida mehmon bo‘ldik. Vadim Abramov jamoasi 3 sentabr kuni Tojikiston milliy jamoasiga qarshi o‘yinga hozirlik ko‘rmoqda. Ko‘rsatuvning bu sonida bosh jamoamizning poytaxtdagi bu yilgi birinchi bahsiga tayyorgarligi, Dilshod Nuraliyevning «Lokomotiv»ni tark etgani sabablari, Superligadagi g‘alati gollar va jahon futbolidagi bir qator e'tiborli voqealar joy olgan.

«O‘zbekiston milliy jamoasining yangilangan tarkibini ko‘rasiz...»

Milliy jamoamizning «Bunyodkor» akademiyasi maydonida o‘tayotgan mashg‘ulotlarida ishtirok etib, Vadim Abramov boshchiligidagi tayyorgarlikni kuzatib borayotgan O‘FA matbuot xizmati rahbari, hamkasbimiz Davron Fayziyevning fikrlari bilan qiziqdik.

«JCh-2022 saralash bosqich o‘yinlari FIFA tomonidan 2021 yilga qoldirilgan bo‘lsa-da, Tojikiston bilan kelishuvimiz bekor bo‘lmadi va o‘rtoqlik bahsini o‘tkazib olishga qaror qilindi. Milliy jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Karlenovich hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, tarkibni yanada yangilab oldi, deyish mumkin. O‘tgan safardagidek bu safar ham yig‘in legionerlarsiz va «Paxtakor» futbolchilarisiz o‘tkazilmoqda. O‘tgan safar chempion jamoamizning 13 nafar a'zosi karantin sababli qatnasha olmagandi, bu safar esa ular Superliga doirasida Namanganda o‘yin o‘tkazishdi. Shunga qaramay, murabbiylar jamoa bilan yaxshi ishlashmoqda. Futbolchilar ham yuqori sport formasida deyish mumkin. Sababi Superligada mavsum qiziyotgan vaqt hozir. O‘rtoqlik uchrashuvi qiziqarli o‘tishiga shubham yo‘q. Bahs TV va YouTube orqali translatsiya qilinishi rejalashtirilgan», - deydi Davron Fayziyev. 

Yirik mag‘lubiyatlardan keyin iste'foga chiqqan «Loko» murabbiyi nimadan ranjidi?

Navbatdagi manzilimiz «Lokomotiv» yoshlar jamoasining mashg‘ulot maydoni bo‘ldi. U yerda uchta mag‘lubiyatli bahsdan keyin kuni kecha «Lokomotiv» klubi bosh murabbiyligini tark etgan Dilshod Nuraliyevni suhbatga tortdik. Tajribali mutaxassis «Loko»ni vaqtinchalik qabul qilib olganidan keyin «Paxtakor» (0:7) va «Nasaf»ga (0:4) uchralgan yirik hisobdagi mag‘lubiyatlardan keyin matbuotda shogirdlari haqida keskin fikrlar bildirgandi.