O‘zbek futboli hamon mahalliy hokimliklarga bog‘liq ekani sir emas. Aksar viloyatlardagi futbol rivoji viloyat yetakchisining futbolga qiziqish-qiziqmasligiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Futbolga qiziqayotgan hokimning borishi o‘sha yerdagi futbol muxlislarini xursand qiladi. Biroq hokim futbol fanati bo‘lishi o‘sha hududda futbol rivojlanishiga doim ham asos bo‘lavermaydi. Chunki bir kishi butun tizimni yaxshilashi qiyin masala.

Xo‘sh, Samarqand, Farg‘ona va Namangan viloyati hokimlari Kun.uz bilan suhbatda futbol haqida nimalar degandi?

Erkinjon Turdimov, Samarqand viloyati hokimi

Surxondaryo, Navoiy va endilikda Samarqand viloyatida hokim bo‘lib ishlayotgan Erkinjon Turdimov futbolga befarq emas. U ishlagan viloyatlarda odatda futbol rivojlangan. Masalan, aynan Turdimov vaqtida Surxondaryoning «Surxon» klubi qayta jonlandi, «Qizilqum» ham doim yuqori ligada o‘ynab kelgan.

Biroq Samarqandda bunday bo‘lmayapti. Chunki Turdimov Samarqand viloyatiga hokim bo‘lgach, viloyat oldiga turizmni rivojlantirish bo‘yicha juda katta vazifalar qo‘yildi va hokim futboldan muhim boshqa ishlar bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Turdimov Samarqandga kelgach, futbol klubi hokimiyat hisobida kun ko‘rmasligi kerak, degan to‘g‘ri qaror qabul qildi. Klub hokimiyat hisobidan pul sarflab yuqori divizionda yurgandan ko‘ra, o‘z kuchi bilan yoki ixtiyoriy pul sarflayotgan homiy hisobiga quyi ligada yurgani yaxshi aslida. Shunda jamoa o‘z kuchi bilan yuqorilashi mumkin.

Turdimovning aytishicha, hatto Pro-Ligada ham yetakchilar qatorida bormayotgan «Dinamo»ga hokimiyat balansidan bir so‘m ham ajratilmayapti. Klub to‘laligicha bosh homiy «Agromir Buildings» ta'minotida. Bu korxona rahbari futbolga befarq emasligini ko‘pchilik biladi. Agar «Dinamo» liboslarida va barcha atributlarida «Agromir Buildings» kompaniyasini reklama qilayotgan va bu jamoaning millionlab muxlislari borligini inobatga olsak, klub har yili 6-7 milliard so‘m smetasini mehnat qilib topyapti, deyish mumkin. Ya'ni «Agromir Buildings» katta jamoa o‘zini reklama qilayotgani uchun pul to‘lamoqda.

Erkinjon Turdimov katta futbol katta mablag‘ talab qilishini va hozir hokimlik «Dinamo»ga katta pul ajrata olmasligini, bundan muhim ishlari borligini aytdi. Biz bu qarorni to‘g‘ri deb o‘yladik, chunki quyi ligada hokimlik pullarisiz ham asta-sekin yuqorilayotgan Samarqand klubi bir necha yilda o‘z nomini tiklab olishi mumkin. O‘shanda esa jamoaga yanayam ko‘proq xususiy pul jalb qilinishi va hokimlikka yuk bo‘lmaydigan yana bir yaxshi klubga ega bo‘lishimiz mumkin bo‘ladi.