Xizmat safarlarimizning navbatdagisida Navoiy viloyatining eng olis tumani – Uchquduqda, tumanning olis ovullarida bo‘ldik. Safarimiz davomida ovul odamlarining turmush tarzi, urf-odatlari, orzu-armonlari bilan qiziqdik.

Uchquduq – viloyatning hududiy jihatdan eng yirik tumani. Tuman asosan konchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Aholisi 37 ming, shundan 4,7 ming kishi qishloq, ya'ni ovullarda yashaydi. Taqqos uchun aytish mumkinki, 1,12 ming kv.km. yer maydoniga ega Urgut tumanida yarim million aholi yashaydi. Uchquduqning umumiy yer maydoni esa 46,63 ming kv.km.ni tashkil qiladi.

Bu faktni keltirishimizning boisi – Uchquduqda odamlar tiqilib qolmagan, yer ko‘p. Urgut tumanidan 46 barobar katta. Mashhur qiziqchining ta'biri bilan aytganda, yugurib charchagach, do‘ppini otib, yana bir necha gektar yer o‘lchash o‘sha yoqlarga to‘g‘ri keladi. Urgutning dalasida mol boqsangiz, sigiringning dumi bizni chegaraga o‘tmasin, deyishadi. U yoqda esa ot va tuyalar, qo‘y-qo‘zilar ixtiyorida – adog‘i yo‘q kengliklar.

Bu yerda birov qurilish qilay, deb yer talashmaydi.

Nega Uchquduq? Aytishlaricha, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan bu manzilda qadimdan uchta quduq bo‘lgan va nomlanishiga ham shu quduqlar asos bo‘lgan. Ochig‘ini aytish kerak, bu manzilda quduq – hayotning yagona manbayi. Joy nomlari ham shunga monand: Mingbuloq, Uzunquduq, Qulquduq...

«Qulquduq»: o‘zini, o‘zligini yo‘qotmay yashayotganlar ovuli

«Altintau» ovul fuqarolar yig‘ini «Qulquduq» ovulida bo‘ldik. Ovuldagilar internet nashrlar, xususan Kun.uz degan saytni juda kam eshitishgan. Qishloq ahlining OAVga ishi tushmaydi: ularda, misol uchun, yer talashish, uy buzish, kompensatsiya ololmaslik, degan muammolar yo‘q...