Uchquduq tumani hududida Buxoro amirligining yashirin oltin konlari bo‘lgani, u yerdan asosan tabiiy sochma oltin (samorodok) terib olingani haqida turli afsonalar uchraydi. Bu afsonalar qanchalik rost ekanini aniqlash mushkul. Ammo Qizilqum cho‘lining bu hududi uran va oltin zaxiralariga boyligi o‘tgan asrning 50-yillarida ma’lum bo‘lgan. Navoiy viloyati markazidan 300 km olisda joylashgan Uchquduqda sanoat usulida oltin qazib olish ishlari 1995 yilda, “Navoiy kon metallurgiya kombinati”ning Shimoliy kon boshqarmasi tarkibida 3-gidrometallurgiya zavodi ishga tushirilgach boshlangan. Bungacha hududda faqat uran qazib olingan.

Uchquduqda oltin qazib olish biroz farqli. Ya’ni, oltinni ajratib olishda tirik bakteriyalar “yordami”dan foydalaniladi. Sababi hududdagi “Sharqiy” konidan asosan sulfidli ma’dan qazib olinadi. 4 893 gektar maydonni egallagan mazkur kon 27 ta karerdan iborat. Yillik qazib olinadigan ma’dan miqdori 4 mln tonna. Shu kabi “Daugiztov” konidan ham yiliga 4 mln tonna oltinli ma’dan qazib olinib, 3-gidrometallurgiya zavodiga olib kelinadi.



Yer ostidagi rudani oltinga aylantirish bir nechta bosqichdan iborat va bunda minglab mutaxassis mehnat qiladi: geologlar ma’dan joyini aniqlaydi, hududga burovoy urish nuqtalari belgilanadi, chuqurlar kavlangach portlatuvchilar portlatish ishlarini bajaradi, ma’dan ulkan texnikalarda kondan tashib chiqilib, 3-gidrometallurgiya zavodiga jo‘natiladi, zavodda esa bir necha sexdan o‘tib, tayyor mahsulot ko‘rinishiga keladi.
Ushbu jarayonlardan eng xavflisi, albatta, portlatish ishlari. Hozirda Shimoliy kon boshqarmasi tarkibidagi konlarda 20 nafardan ortiq portlatuvchi mutaxassislar ish olib boradi. Portlatish ishlari maxsus texnikalar yordamida kavlangan chuqurlarga ammiakli selitra yuborish orqali amalga oshiriladi.



















