O‘zbekiston | 18:57 / 28.09.2020
4008
2 daqiqa o‘qiladi

Axborot ham inson hayotini saqlab qolishi mumkin – xalqaro ekspertlar erkin axborot olish haqida

Bugun, 28 sentabr kuni Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro onlayn konferensiyada xalqaro tashkilot vakillari, ekspertlar so‘zga chiqib axborot olish erkinligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Konferensiyada Shvetsiyaning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili Ulrika Funered axborot shaffofligi hokimiyatdagilarning o‘z lavozimini suiiste'mol qilishi xavfini kamaytirishi va u fuqarolarga saylab qo‘yilgan mansabdorlarni nazorat qilishga yordam berishini qayd etdi. Shuningdek, ochiqlik insonlarning fikr va g‘oyalarini shakllantirishga yordam berishi, bu esa demokratiyaning kaliti ekani ta'kidlandi.

«Pandemiya davrida ko‘plab muammolar vujudga keldi. U demokratik jarayonlarni, inson huquqlariga hurmatni susaytirdi. Pandemiya insoniyat inqirozidan inson huquqlari inqiroziga aylanib bormoqda. Yomon tomoni, koronavirusga qarshi kurash paytida inson huquqlari, demokratiya va qonunlari cheklanishi xavfi kuzatilmoqda. Bunga esa imkon berib bo‘lmaydi.

Koronavirusga qarshi kurashish demokratiyaning kuchsizlanishi va inson huquqlari buzilishi hisobiga bo‘lmasligi lozim. Insoniyatning fundamental huquqlari va axborot olish huquqiga bo‘lgan hurmat hayotni saqlab qoladi.

Axborot erkinligi haqida aytilgan bir ibora bor: inson sog‘ligi faqat sifatli tibbiy xizmatga bog‘liq emas. Masalan, tabiiy ofatlar haqidagi aniq berilgan axborot bir kishining, bir oilaning, balki butun jamiyatning hayotini saqlab qolishi mumkin», dedi Ulrika Funered.

YeXHTning OAV erkinligi ofisi direktori Yurgen Heysel demokratik jamiyatda jurnalist maxfiy bo‘lgan ma'lumotni ochiqlagani uchun javobgarlikka tortilmasligi kerakligini qayd etib o‘tdi. Faqatgina mansabdor shaxslar bunday ma'lumotlar chop etilgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligi aytildi. 

Mavzuga oid