Vazirlar Mahkamasining “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yo‘li bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv ta'minotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

a) Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga “Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yo‘li bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv ta'minotini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 18 yil mobaynida qaytarish muddati bilan 50,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi qarz berilishi ma'qullangan;

b) loyihaning umumiy qiymati 60,4 mln. AQSh dollarini, shu jumladan:

YeTTB qarzi – 50,0 mln. AQSh dollarini;

loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining hissasi – soliq va bojxona imtiyozlari, YeTTB qarzi bo‘yicha foizlar va  investitsiya davrida majburiyatlar bo‘yicha komissiyalar ko‘rinishda 10,4 mln. AQSh dollarini tashkil etadi;

v) loyihani amalga oshirish davri 4 yilni (2020-2023 yillar) tashkil etadi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi “Kommunxizmat” agentligi loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlaydigan tashkiliy-texnik tadbirlarni o‘tkazish, YeTTBning qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas'ul bo‘lgan ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Quyidagilar:

“Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yo‘li bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv ta'minotini yaxshilash” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;

“Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yo‘li bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv ta'minotini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qarzini qaytarish, foizlar va vositachilik haqini to‘lashning prognoz jadvali;

“Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yo‘li bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv ta'minotini yaxshilash” loyihasi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qarzlariga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash bo‘yicha ulushlar taqsimotining prognozi tasdiqlanadi.