O‘zbekiston | 08:45 / 30.09.2020
5015
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat statistika qo‘mitasining asosiy vazifalari tasdiqlanadi 

Milliy statistika tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Davlat statistika qo‘mitasi, rasmiy statistika sohasida rivojlanishning milliy va mintaqaviy xususiyatlarini inobatga olgan holda, ilmiy metodologiyaga, xalqaro standartlar va qoidalarga asoslangan yaxlit milliy statistika tizimini yaratish va faoliyat ko‘rsatishiga yo‘naltirilgan yagona siyosatni amalga oshiruvchi, rasmiy statistikadan foydalanuvchilar, shu jumladan, xorijiy foydalanuvchilarning ehtiyojini qondiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bog‘liq o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, shu jumladan rasmiy statistika hisobotlari va kuzatuvlarini o‘tkazish hamda ularni nashr qilish va e'lon qilish jarayonlariga har qanday aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan statistik ma'lumotlar rasmiy statistika axboroti sifatida e'lon qilinadi.

Quyidagilar Davlat statistika qo‘mitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

rasmiy statistika sohasida yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish, rasmiy statistikani tashkil etishning samarali tizimini ta'minlash;

ijtimoiy-iqtisodiy va demografik hodisalar, jarayonlar va ularning natijalari to‘g‘risida statistik axborotlarni yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil etish va e'lon qilish;

rasmiy statistika sohasida ishonchli statistik axborotlarni shakllantirish masalalarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

xalqaro standartlarga mos keluvchi statistik metodologiyalar, statistik kuzatuvlar shakllarini ishlab chiqish va joriy etish masalalarida milliy statistika tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish;

statistik kuzatuvlar tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish va respondentlardan hisobot topshirish yukini kamaytirish, statistik ma'lumotlardan foydalanuvchilar bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish;

ochiq ma'lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarni O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalida o‘z vaqtida aks ettirilishi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish; 

statistik ma'lumotlarni ishlab chiqarish jarayonlarida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, axborot tizimlarini boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning ma'lumotlar bazalari bilan integratsiya qilish;

statistik sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

statistik kuzatuvlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun yuridik va jismoniy shaxslarni jalb etish, rasmiy statistika sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;

xorijiy davlatlarning statistika organlari va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, foydalanuvchilarni statistik ma'lumotlar bilan ta'minlash;

ro‘yxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish, shuningdek, olingan natijalarni qayta ishlash, tahlil qilish va e'lon qilish. 

Mavzuga oid