Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayev bilan intervyuda koronavirusga chalinganlarni davolashda qo‘llanayotgan dori vositalari haqidagi savol bilan murojaat qildi.

— Ayni kunlarda koronavirusni keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 virusi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini ishlab chiqish jahondagi barcha sog‘liqni saqlash tashkilotlarining asosiy vazifasiga aylangan. Hozirda dunyo farmatsevtika bozorida COVID-19 kasalligi oldini olish yoki uni davolashga qaratilgan yuzdan ortiq dori vositalari, vaksinalar taklif etilmoqda. Ammo, afsuski, hozirgi vaqtgacha COVID-19 kasalligini samarali davolashi kafolatlangan preparat topilgani yo‘q. Shunga qaramasdan, COVID-19 kasalligini davolashda yaxshi natija ko‘rsatayotgan dori vositalari mavjud bo‘lib, bunday dorilar orasida hozirda eng mashhuri «Remdesivir» va «Favipiravir» deyish mumkin.

Haqiqatan ham shu dorilar koronavirusni yengishda yordam beryaptimi?

—  Virusga qarshi «Remdesivir» preparati 2015 yil AQShda yaratilgan bo‘lib, Afrikada tarqalgan «Ebola» virusiga qarshi qo‘llangan. 2020 yil 1 maydan boshlab Amerika oziq-ovqat va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi tomonidan koronavirusni davolashda tezkor dori sifatida qo‘llashga ruxsat berilgan. O‘tgan vaqt ichida «Remdesivir» o‘zining ijobiy natijalarini ham berdi. Shu sababli, koronavirusni davolashda butun dunyoda qo‘llanmoqda. Hozirda «Remdesivir» preparati O‘zbekistonda ham «Remdessa» nomi bilan ishlab chiqarilmoqda. 

Koronavirusni davolashda yana bir keng qo‘llanayotgan dori vositasi bu – «Favipiravir». U Yaponiyada «Avigan» nomi bilan 2014 yildan «Fujifilm Toyama Chemical» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan gripp kasalligiga qarshi dori vositasi bo‘lib, grippga chalinganlarni davolashda boshqa preparatlar ta'sir ko‘rsata olmaganida zaxira preparati sifatida tatbiq etilgan.

«Favipiravir»ning biologik aktiv moddasi bir qator viruslarning ko‘payishini bloklaydi. Bu preparat ham Afrikada «Ebola» virusini davolashda keng qo‘llangan. 2020 yilning fevral oyidan boshlab Yaponiya klinikalarida koronavirus bemorlarini davolashda keng qo‘llab kelinmoqda. 

«Remdesivir» va «Favipiravir» virusga qarshi dori vositalari sinov vaqti va davolash muolajalari davrida o‘zini ijobiy namoyon etmoqda. Davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.