O‘zbekiston | 18:05 / 14.10.2020
4648
6 daqiqa o‘qiladi

Akmal Saidov va Sherzod Asadov BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligiga saylovlar qay tarzda bo‘lib o‘tganini ma'lum qildi

Foto: iStock

2020 yil 13 oktabr kuni BMT Bosh assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi. Mamlakat uchun BMTga a'zo 191 davlatdan 169tasi ovoz berdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidovning so‘zlariga ko‘ra, bu davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ushbu sohada davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni shakllantirish, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganining yorqin dalolatidir.

“BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga 2021-2023 yillarga saylanishi uchun O‘zbekiston nomzodini ilgari surish vazifasi davlatimiz rahbari tomonidan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgandi. Shu asosda o‘tgan davrda  kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va izchillik bilan amalga oshirildi.

Xususan, avvalo, mavjud tartib-qoidalarga asosan nomzodlik BMT Bosh Assambleyasi ro‘yxatidan o‘tkazildi va diplomatik sa'y-harakatlar boshlab yuborildi. 2019 yil oktabr oyida esa BMT Bosh Assambleyasining 60/251-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, BMTning “Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga 2021-2023 yillarda taqdim etiladigan Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"  hujjati taqdim etildi. Shuningdek, ushbu va'dalarni qisqa tahlil qiluvchi yana 2 ta hujjat tayyorlandi. Mazkur hujjatlar BMT Bosh Assambleyasi va Inson huquqlari kengashida hamda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari orqali a'zo-davlatlar o‘rtasida keng tarqatildi. 

O‘zbekiston taqdim etgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"da mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, bu borada kelgusida bajariladigan vazifalar ham aks ettirilgan. Xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O‘zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari batafsil taqdim qilingan.

Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirish belgilangan. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bugungi kunga qadar rejadagi ayrim ixtiyoriy majburiyatlarni bajarishga kirishilgan”, - deydi Akmal Saidov. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston nomzodi Inson huquqlari bo‘yicha kengashga Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan ilgari surilgan mamlakatlar ichida eng ko‘p ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.  

“Saylov jarayonida BMTning mintaqaviy guruhlari tomonidan bo‘sh o‘rinlarga tegishli davlatlarning nomzodlari ko‘rsatildi.

Agar boshqa mintaqaviy guruhlarda bo‘sh o‘rinlarga davlatlar o‘rtasida raqobatning yo‘qligi kuzatilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi kiradigan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi guruhida IHKdagi 4 ta bo‘sh o‘rin uchun mamlakatimiz bilan birga Xitoy, Nepal, Pokiston va Saudiya Arabistoni da'vogarlik qildi. 

Yashirin ovoz berish natijasida va kuchli raqobat davomida O‘zbekiston o‘z guruhidagi davlatlar orasida eng ko‘p ovoz oldi va IHKga 2021 yil 1 yanvardan boshlanadigan navbatdagi uch yillik muddatga saylandi. Mamlakatimiz bilan bir qatorda Kengashga Xitoy, Nepal va Pokiston ham saylandi.

O‘zbekistonning bu tarixiy yutug‘i – eng avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida so‘nggi yillarda olib borilayotgan, pragmatizm, konstruktivizm va tashabbuskorlikka asoslangan yangi siyosiy kursning yorqin mahsulidir”, - deydi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari. 

Ma'lumot o‘rnida, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi BMT Bosh assambleyasining organi bo‘lib, 2006 yilda tashkil etilgan. Kengash o‘z majlislarini muntazam, yilida kamida uch marta o‘tkazadi.

Ushbu sessiyalardan biri asosiysi sanaladi va uning ishi o‘n hafta davom etadi. Kengash a'zolarining uchdan bir qismi talabi asosida, jumladan, muayyan mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog‘liq tashvishli ahvolni o‘rganish maqsadida maxsus favqulodda sessiyalar ham chaqirilishi mumkin. 

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zolik uchun beshta mintaqadan davlatlar tanlanadi. Ya'ni, Osiyo-Tinch okeani, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidan – 13 a'zo, Afrikadan – 13 a'zo, Sharqiy Yevropadan – 6 a'zo, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan – 8 a'zo, G‘arbiy Yevropa va boshqa mintaqalar, jumladan, AQSh, Kanada va Isroil davlatlari orasidan – 7 a'zo  uch yil muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid