O‘zbekistonda ham sekin-asta kibersportchilar shakllanib bormoqda. Ular orasida xalqaro turnirlarda ishtirok etib, medallar va pul mablag‘larini qo‘lga kiritayotganlar ham bor. 2016 yilda Aziz Pattaxov tashabbusi bilan O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasining faoliyat boshlashi bu sohadagi ilk qadam bo‘ldi.
Kun.uz muxbiri federatsiya prezidenti bilan suhbatda tashkilot faoliyati, o‘tgan 4 yilda qilingan ishlar, erishilgan yutuqlar, yechimini kutayotgan muammolar va kelgusidagi rejalar haqida suhbatlashdi.
– Kibersport federatsiyasi tashkil etilganiga ham 4 yilcha vaqt bo‘libdi. Shu vaqt oralig‘ida bu sport turida qanday natijalarga erishildi?
– Federatsiyamiz O‘zbekistonda kibersport turini rivojlantirish uchun tashkil etilgan. Dastlab biz kibersport turining ijobiy tomonlarini fuqarolarga va hukumatga ko‘rsatishga harakat qildik. Chunki mazkur sport turiga nisbatan salbiy fikrlar shakllanib qolgan edi. Umumiy kibersport turlari bilan federatsiyani tashkil qildik.
Birinchi qadam Parijda bo‘ldi. Jahon chempionatida sportchilarimiz bilan qatnashib keldik. Ukrainada o‘tgan Yevropa chempionatiga bizni taklif qilishdi. Chempionatda finalda o‘ynadik. Kibersportchimiz Muhammadali Turg‘unboyev 2-o‘rinni oldi. Bu sportchimiz Gruziyada chempionlikka erishdi.
Shundan so‘ng ko‘pchilik o‘ynaydigan PES yo‘nalishida ham saralash musobaqalari o‘tkazdik. Alibaba spors bilan shartnoma tuzdik. Va shu bo‘yicha saralash o‘tkazdik. Saralash davomida navoiylik talantni kashf qildik. Bu bolamizning ismi Salohiddin Esonov. Hozirda uni ko‘pchilik taniydi. U O‘zbekiston chempioni bo‘lgandan so‘ng, Markaziy Osiyo saralashiga chiqdik. Mintaqada ham chempion bo‘lgach, jahon chempionatida qatnashib keldik.

Umumiy kibersportga o‘tadigan bo‘lsak, mobil qurilma va kompyuter qurilmasi orqali o‘ynaladigan o‘yinlarni ham, keng tarmoqda qobiliyatlilarni ham birlashtirmoqchimiz. «Dota» o‘yini bo‘yicha ham Markaziy Osiyoda chempion bo‘ldik. Markaziy Osiyoda qozog‘istonlik kibersportchilar bilan raqobatlashyapmiz. Qozog‘istonlik sportchilar oylik oladi, biznikilar esa yo‘q.
Eng katta yutuqlarimizdan, 2017 yil O‘zbekistonda birinchi marta kibersport bo‘yicha xalqaro turnir tashkil etdik. Sovrin jamg‘armasi 5 ming AQSh dollari bo‘lgan turnirda dunyoning eng kuchlilari ishtirok etishdi.

















