«Haqiqatan ham, so‘nggi paytlarda biz ko‘p xabarlarda O‘zbekiston ko‘p oltin sotyapti, deb o‘qiyapmiz. Pandemiya paytida O‘zbekiston eksportini qo‘llab-quvvatlovchi optimal yechimlardan biri bu – oltin eksporti. Chunki biz oltin qazib olish bo‘yicha yetakchi davlatlardan birimiz. Avgust oyida oltinning bir unsiyasi 2000 dollardan oshib ketdi. Bu rekord darajadagi narxlar. Shu paytdan biz ham foydalanishga harakat qildik.
Tabiiy iqtisodiy holatlarga qaraydigan bo‘lsak, sizda nimadir ko‘proq bo‘lsa, shu narsa juda qimmat bo‘lib ketsa, uni sotish pandemiya davrida juda yaxshi yechim. Bu boradagi vakolat – monetar siyosatni yurituvchi mustaqil organ sifatida Markaziy bankka berilgan», – deya tushuntiradi u.
– Oltin sotganimiz yaxshimi yoki yomonmi? Sotilgan oltin pullari qayerga ketyapti?
– Hozirgi kunda oltinni sotganimiz yaxshiroq. Buni hukumat emas, Markaziy bank yuritadi. Aytaylik, Navoiydagi zavod oltin qazib oldi. Markaziy bank esa avval undan oltinni sotib oladi. Olingan oltinni oltin-valuta zaxirasiga qo‘shadi. Oltin-valuta zaxirasi shu bilan boyitiladi.
Dunyoda oltin qimmat bo‘lib ketgan paytlarda Markaziy bank mutaxassislari, moliyachilari oltinni sotib, uning narxi tushgan paytda qaytarib sotib olish bilan oltin-valuta zaxirasini oshiradi. Masalan, siz oltinning 10 tonnasini sotganingiz bilan, 10 tonna oltin puli sarflab yuborildi, degani emas – sotishdan tushgan mablag‘lar valuta zaxirasini boyitib, umumiy oltin-valuta zaxirasi hajmiga ta'sir etmasligi mumkin.
– Bozorni prognoz qilib bo‘ladimi?
– Bozorni bashorat qilsa bo‘ladi. Chunki noaniqlik yuzaga kelgan paytda doim oltinga bo‘lgan talab oshadi. Aytaylik, Amerikadagi saylovlar, Yevropa yana karantinga qaytishi, iqtisodiyot yana to‘xtashi kabilar sharoitida valutaga emas, oltinga bo‘lgan talab oshadi.
Agar karantin yumshayotgan, pandemiya chekinayotgan bo‘lsa, siyosatda barqarorlik bo‘lib, jahon iqtisodiyoti rivojlanib borayotgan bo‘lsa, valutaga nisbatan yana ishonch ortadi. Shu sabab buni modellashtirish mumkin.
Lekin bu yerda yagona savol qolib ketyapti. Biz oltinni eksport ham qilamiz. Markaziy bank uni nafaqat sotib olib, o‘zining oltin-valuta zaxirasiga qo‘shadi, balki uni to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport ham qiladi. Biz shu eksportning aniq statistikasini bilishimiz kerak. Buning statistikasi rasmiy zaxiralar statistikasi bilan qorishib ketyapti, deb o‘ylayman.













