So‘nggi soatlarda nimalar o‘zgargan?
5 noyabr kuni dastlab Jo Bayden Michigan shtatida g‘olib chiqishi aniq bo‘ldi — 16 delegat ovozini beradigan bu shtat ham AQSh prezidentligi saylovlarida hal qiluvchi o‘rin tutuvchi shtatlardan hisoblanadi. Ayni vaqtga kelib byulletenlarning 99 foizi hisoblab bo‘lingan va Jo Bayden 50,5 foiz ovoz bilan ustunlik qilmoqda, uning raqibi, amaldagi prezident Donald Tramp — 47,9 foiz ovozga ega. Endi bu shtatda Tramp unga yeta olmaydi.
Bu Bayden mazkur shtatni ko‘klar tomonga qaytarganini anglatadi — demokratlar 1992 yildan 2012 yilga qadar bu shtatda muntazam ravishda g‘olib chiqishgan. 2016 yilda esa Hillari Klinton Michiganni Trampga berib qo‘ygan.
Bayden shimoldagi shtatlardan yana biri Viskonsinni ham «ko‘k devor»ga qaytarmoqda. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, demokratlar 10 delegat ovoziga ega bo‘lgan bu shtatdagi saylovchilarning 49,4 foizining ovozini, Tramp esa — 48,8 foizini qo‘lga kiritdi.
Avvaliga Bayden bu ikki shtatda ham orqada qolayotgandi, yakuniy natijaga esa pochta orqali yuborilgan ovozlar va masofadan berilgan ovozlar hisoblab chiqilishi evaziga erishildi. Koronavirus pandemiyasi tufayli demokratlar o‘z tarafdorlarini saylov uchastkalariga kelmasdan ovoz berishga chaqirishgandi.
Baydenga g‘alaba uchun yana nima kerak?
Ovozlarni hisoblash yana 6 shtatda davom etmoqda: Alyaska, Arizona, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Nevada va Pensilvaniyada. Michigan va Viskonsindagi ustunlik evaziga Baydenning ovozlari soni 253taga yetdi, Trampda — 214taligicha qolmoqda. Shtatlar o‘z aholisi soniga qarab saylovchi delegatlarni taqdim etadi, aynan ular saylovchilarning irodasini ifoda etgan holda prezidentni saylashadi. Saylovda g‘olib bo‘lish uchun nomzodlarning biri 270 delegat ovoziga ega chiqishi kerak.
Baholar konservativ, chunki Arizonada (11 delegat) natijalar hamon ma'lum emas. 4 noyabr kuni Bayden odatda respublikachilar taraf bo‘ladigan bu shtatda g‘alaba qozonishi muqarrardek edi, ayrim nashrlar, hatto odatda konservativlar tomonida bo‘ladigan Fox News telekanali ham uning bu shtatdagi g‘alabasi haqida e'lon qilishga ulgurdi. Ammo 5 noyabr kuni Tramp farqni qisqartira boshladi, Toshkent vaqti bilan 6 noyabr holatiga ko‘ra, bu shtatda byulletenlarning 90 foizi hisoblab chiqilganidan keyin kuchlar nisbati 50,1 foizga 48,5 foiz bo‘lib turibdi. Buning sababi — respublikachilar aynan Arizonadagi saylovchilarni boshqa shtatlardagiga qaraganda pochta orqali ovoz berishga yaxshiroq tayyorlashgan, hozirda hisoblanayotgan byulletenlarning katta qismi aynan ularning tarafdorlari tomonidan yuborilgan. Shu bilan birgalikda, mahalliy tahlilchilar Bayden farqni yana oshira boshlashi, endilikda demokratlarga moyil bo‘lgan hududlarning ovozlari hisoblanishi boshlanishini aytishmoqda.



















