O‘zbekiston | 11:40 / 07.11.2020
54380
5 daqiqa o‘qiladi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev poraxo‘r hokim o‘rinbosarlarining qilmishlari haqida gapirdi

Bosh prokuraturada tanqidiy ruhda o‘tayotgan yig‘ilishda transport sohasida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlari bartaraf etilmaganligi ko‘rsatib o‘tildi.

7 noyabr kuni tashkil etilgan korrupsiya masalalariga oid idoralararo yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda Transport vazirligi va sohadagi korxonalar xodimlaridan 57 nafari korrupsiyaviy jinoyatlarga qo‘l urgani ma'lum qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasiga daxldor vazirlik va idoralarning 391 nafar xodimlari turli ko‘rinishdagi jinoyatlarni sodir etgani ma'lum qilindi.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning axborotiga muvofiq, tizimda yo‘l qurilishi uchun ajratilgan budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatidan tushgan pullarni o‘zlashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmoqda.

«Kattaqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish» korxonasi direktori R. bosh hisobchi Sh. hamda muqaddam shu korxonada sodir etgan qator jinoyatlari uchun sudlanib, korxonada faoliyatini yana davom ettirib kelayotgan jinoiy sheriklari bilan til biriktirib, umuman ta'mir ko‘rmagan 20 ta yo‘lni ta'mirdan chiqarganliklari haqida qalbaki hujjatlarni tuzib, 2,4 milliard so‘m budjet mablag‘larini o‘margan», — dedi Yo‘ldoshev.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi vazirlik va idoralarda hanuzgacha turli qonun buzilishlar, suiiste'molchiliklarga barham berilmayotganligi ham tanqid ostiga olindi.

«Yangiyo‘l tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Yu. «Valiyev Invest baraka» fermer xo‘jaligi rahbari V. bilan til biriktirib, fermer xo‘jaligining 30 sotix yer maydonini soxta kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali 38.400 dollarga sotib yuborgan. Qishloq xo‘jaligi sohasining rivoji, avvalo, yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish bilan chambarchas bog‘liq.

Ayrim rahbarlar tomonidan yerlardan xo‘jasizlarcha va noqonuniy foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi ta'kidlandi. Xususan, yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida respublika bo‘yicha 967 ta holatda 34 ming 822 gektar yer maydoni qonunga zid ajratib berilgan. Yer ajratish va undan foydalanishda korrupsiya, tanish-bilishchilik, oshna-og‘aynigarchilik holatlari mavjudligi qayd etildi», — deya ma'lumot berdi bosh prokuror.

Ta'kidlanishicha, Buxoro viloyatida qisqa muddatda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 21 ming 493 gektar yerni noqonuniy muomalaga qaratish bilan bog‘liq qonunga zid qarorlar qabul qilingan. Misol uchun, Jondor tuman hokimi 2020 yil 16 maydagi qarori bilan o‘rinbosarining yaqin qarindoshiga 100 gektar yer maydonini chorvachilik yo‘nalishida, garchi yetarli chorvasi bo‘lmasada, noqonuniy ajratib bergan.

Yer ajratish jarayonlarida korrupsiyaviy jinoyatlari uchun so‘nggi ikki yilda hokimliklarning 22 nafar mas'ul xodimlari javobgarlikka tortilgan. Xususan, Arnasoy tuman hokimining o‘rinbosari S. «Oqqush halol parranda» jamiyati rahbari J.ga 10 gektar yer ajratib berish evaziga 13 ming dollar talab qilib, 2 ming dollar olganida qo‘lga tushgan.

«Shu kabi, yer ajratib berish evaziga Yunusobod tuman hokimi o‘rinbosari Z,5 ming, Buvayda tuman hokimi o‘rinbosari D. 20 ming, Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi uy-joy shirkatlari uyushmasi raisi A. 35 ming dollar olganligi uchun qonun oldida javob berdi», — dedi Yo‘ldoshev.

Ayrim xodimlar tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga, ulardan tamagirlik qilib, pul undirayotganligi tashvish bilan ta'kidlandi.

«Surxondaryo viloyat hokimligi bo‘limi boshlig‘i I. Sho‘rchi tuman hokimligi bosh mutaxassisi T. orqali tadbirkor B.dan 1 milliard so‘m imtiyozli kredit olishida yordam berganligi uchun 2 ming dollarni talab qilib olgan. Bo‘sh binolarni tadbirkorlikka jalb qilish borasida ham turli qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Misol uchun, Andijon viloyat hokimligi mutaxassisi Q. muqaddam sudlangan A. va M. bilan til biriktirib, soxta hujjatlar bilan Shahrixon tuman Silga qarshi kurashish dispanseri binosini «nol» xarid qiymatida qo‘lga kiritgan. Keyinchalik binoda hech qanday tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymasdan, binoni buzib, qurilish materiallarini 760 million so‘mga sotib yuborgan», — dedi bosh prokuror.

Ayni paytda bosh prokurorning nutqi davom etmoqda.

Mavzuga oid