Biroq Baydenda g‘alabadan sarmast bo‘lib o‘tirishga vaqt yo‘q, chunki uni juda-juda ko‘p muammolar kutib turibdi. VVS bu muammolarning asosiylarini sanadi.

Koronavirus

Esingizda bo‘lsa, Tramp Baydenni doim niqob taqib yurgani uchun mazax qilgandi. Biroq o‘shanda Tramp aynan koronavirus uning hokimiyatdan ketishi uchun yakuniy sabab bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Bayden yanvardan prezidentlikka kirishadi, ungacha esa Tramp ishini qiyinlashtirish uchun chiqaradigan qarorlarga chidashga majbur.

Demokratlar vakili prezidentlik lavozimiga kirishishi bilan dastlabki qiladigan ishi koronavirusga qarshi kurash bo‘lishini aytdi. U virusga qarshi kurashni aholini yoppasiga test qilishni joriy etishdan boshlamoqchi. Baydenning rejasiga ko‘ra, koronavirus tarqalishini nazorat qiluvchi butun boshli monitoring tizimi ish boshlaydi va bu jarayonda 100 mingdan ortiq amerikalik band bo‘ladi. Unga ko‘ra, har bir shtatda kamida 10tadan ommaviy testdan o‘tkazish markazi bo‘ladi.

Ishchi o‘rinlar

Trampning davrida ishsizlik rekord darajada qisqargani rost, lekin koronavirus pandemiyasi sabab millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi. Mamlakat virus sabab yo‘qotishga uchragan tadbirkorlarga juda katta yordam berdi, lekin ularning aksari hamon o‘ziga kelmagan. Shu sabab Bayden kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga alohida urg‘u bermoqchi. Bir necha yil oldin amerikaliklar eng kam ish haqi soatiga 15 dollardan bo‘lishini talab qilib, namoyish o‘tkazishgandi. Keyinchalik turli shtatlarda 2022 yilgacha eng kam ish haqi soatiga 15 dollar qilib belgilanishi ma'lum bo‘ldi. Bayden bu jarayonni tezlashtirmoqchi va bu ko‘pchilikning inqirozdan chiqishiga yordam berishiga ishonmoqda.

Bayden kam ta'minlanganlik uchun ijtimoiy nafaqa miqdorini oyiga qo‘shimcha 200 dollargacha oshirmoqchi. Shuningdek, u boylar uchun soliqni kamaytirish bo‘yicha Tramp joriy etgan soliq tizimini ham qayta ko‘rib chiqmoqchi. Demokratlar vakilining rejalarida yoshlarga yordam berish ham bor. Masalan, u 10 ming dollargacha federal talabalar zayomlarini chiqarishni taklif qilgan.

Bayden mamlakat milliy brendlarini rivojlantirish uchun «Amerika mahsulotlarini sotib ol» dasturini tashkil etib, uning ijrosiga 400 milliard dollar ajratmoqchi. Ma'lumot uchun, Bayden bir vaqtlar Shimoliy Amerika erkin iqtisodiy zonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqidga uchragan. Chunki aynan shu sabab AQShdagi korxonalar ko‘plab ish o‘rnini yo‘qotgan. Aftidan, Bayden yo‘l qo‘ygan xatosidan xulosa chiqargan.