Dastlab Amerika ommaviy axborot vositalari - demokratlarga moyil bo‘lgan nashrlar ham, respublikachilarni qo‘llaydiganlari ham birin-ketin demokratlar nomzodining g‘olibligi haqida xabar bera boshladi. Shanba kuni saylov taqdirini hal qiluvchi shtatlardan biri Pensilvaniyada Barak Obama davrida vitse-prezident bo‘lgan Jo Baydenning ustunligi uzil-kesil tasdiqlandi - bu shtat nomzodga yana 20 ovoz taqdim etdi, natijada uning delegatlari soni prezidentlikka saylanish uchun zarur bo‘lgan 270lik miqdordan oshdi.
Byulletenlarni hisoblash hali davom etadi, Pensilvaniyada ham hali hisoblanmagan 200 mingga yaqin byulletenlar bor. Ammo Amerika mediasiga Baydenni g‘olib deb tan olish uchun shu vaqtgacha mavjud bo‘lgan ma'lumotlarning o‘zi yetarli. Telekanallar va axborot agentliklari prognozlash usullariga asoslangan holda g‘olibni aniqlash uchun matematiklar va tahlilchilar jamoalarini yollashgan. Hozirda ular Tramp Pensilvaniyada Baydendan o‘zib keta olmaydi, degan xulosaga kelishgan. Avvalgi saylovlar shuni ko‘rsatadiki, prognozchilar jamoasi bunday hollarda adashishmagan.
Donald Tramp mag‘lubiyatini tan olmayapti. 4 noyabr kuniyoq o‘zi prezidentlikka qayta saylangani haqida e'lon qilgandi. U bir necha marta ovozlar natijalarini hisoblashda soxtakorlikka yo‘l qo‘yilgani haqida gapirgan, lekin buning uchun dalil keltirmagandi. AQShning amaldagi prezidenti natijalar haqidagi xabarlarni Virjiniyada golf o‘ynayotgan mahalda (darvoqe, bu shtatda Bayden ustun kelgan) bildi. Lekin u raqibining g‘alabasini tan olgani yo‘q. «Ushbu saylov yakunlanishiga hali vaqt bor», – dedi Tramp OAV xabarlari ortidan berilgan bayonotida. U 9 noyabrdan boshlab o‘zining saylovoldi tashviqot guruhi saylov qonunchilikka to‘liq muvofiq tarzda o‘tganini va qonuniy g‘olibni aniqlash maqsadida sud jarayonlarini boshlashini va'da qildi. «Men Amerika xalqi demokratiya tamoyillariga munosib ravishda berilgan haqiqiy ovozlar hisobi to‘g‘risidagi natijani bilmagunicha tinchimayman», dedi Tramp. U so‘nggi o‘n yilliklarda ikkinchi muddatga saylana olmagan ilk prezident bo‘ldi.
Jo Bayden g‘alabasiga shubha qilmayapti. U tvitterda barcha amerikaliklarning, shu jumladan, o‘ziga ovoz bermaganlarning ham prezidenti bo‘lishni va'da qilib, ishonchni oqlashga va'da berdi. Shuningdek, Bayden tvitterdagi maqomini «AQShning saylangan prezidenti» deya o‘zgartirdi.
Bayden dastlabki tabriklarni qabul qilishni boshlagan. Uni va bo‘lajak vitse-prezident Kamala Harrisni ijtimoiy tarmoqlar orqali Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Shotlandiya hukumati rahbari Nikola Sterjyen, London meri Sodiq Xon va dunyoning turli nuqtalaridagi siyosatchilar, masalan, Zimbabve prezidenti Emmerson Mnangagvu tabrikladi.

















