2018 yilning 29 iyunida Urganch shahar hokimligi 1653q-sonli qarori bilan yakka tartibdagi tadbirkor Rahimova Rohatjon Olimovnaga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun 200 kv.m yer ajratadi. Hujjatni sobiq hokim Odilbek Sapayev imzolagan.

Biroq, mana 2 yildirki, Tinchlik ko‘chasi 2A, 2B, 2V, 2G, 2D va 33-uyda yashovchi aholi hokimlikdan bu qaror bekor qilinishini talab etmoqda. Qurilishni boshlashga urinayotgan tadbirkor esa odamlarning faol qarshiligiga uchrayapti.

Gap shundaki, hokimlik tomonidan ajratilgan yer ko‘p qavatli uylarning asosiy kirish-chiqish joyiga to‘g‘ri kelyapti. Agar savdo shoxobchasi bu joyda quriladigan bo‘lsa, aholining, kommunal xizmat idoralarining, tez tibbiy yordam va boshqa tashkilotlarning transporti kirib-chiqadigan asosiy yo‘l yopilishi, bu katta noqulaylik tug‘dirishi, noxush holatlarga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, bu joydan ko‘p qavatli uylarning kommunikatsiya tizimlari, ya'ni, sovuq suv, oqova suv va issiqlik energiyasi quvurlari, shuningdek, elektr energiya ta'minoti simlari ham o‘tgan. Qurilish ishlari natijasida ularga zarar yetkazilishi ham mumkin.

Shu sabablar aholini prezident portaliga, turli idora va tashkilotlarga norozilik xatlari jo‘natishga majburlagan. Hatto odamlar to‘planib, Urganch shahar hokimligiga ham borishgan. Mahallaning 2018 yil 29 noyabrdagi o‘tkazilgan yig‘ilishida aholi vakillari qurilish boshlanishiga qarshi ekani haqida ovoz berib, bayonnoma imzolashgan.

Natijada, 2019 yil 4 mart kuni Urganch shahar hokimligi tadbirkorga yer ajratish haqidagi 1653k-sonli qarorini «aholining keskin noroziligini keltirib chiqargani» sababi bilan bekor qilib, yerni davlat ixtiyoriga qaytargan. Bu haqda yangi 389q-sonli qaror ham chiqqan.

Ammo tadbirkor Rohatjon Rahimova bu qarordan norozi bo‘lib, sudga shikoyat arizasini bergan. 2020 yil 24 sentyabr kuni Urganch shahar ma'muriy sudi bu arizani qanoatlantirib, Urganch shahar hokimining 389q-qarorini bekor qilib, tadbirkor foydasiga yangi qaror chiqargan. Sud tafsilotlari bizga ma'lum emas.

Shundan so‘ng tadbirkor bir necha marta bu joyda qurilishni boshlashga urinib ko‘rgan. Ammo yana aholining keskin noroziligi va faol qarshiligiga uchragan. Hatto bir vaziyatda huquq-tartibot idoralari xodimlari aralashuvi bilan ziddiyat chegaradan chiqib ketishining oldi olingan.