O‘zbekiston | 10:12 / 01.12.2020
6046
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilarning o‘zini o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy qilinmoqda

O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda bosqichma-bosqich yo‘lovchilarning mustaqil o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazish Self Check-In zamonaviy tizimi joriy qilinmoqda. Bu haqda «Uzbekistan Airports» AJ axborot xizmati xabar berdi.

Tizim havo transporti kommunikatsiyalari va axborot texnologiyalari sohasida yetakchi - SITA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, shu kunlarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 4ta shunday kiosk o‘rnatildi.  
 
O‘zini o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazish Self Check-In xizmati orqali yo‘lovchilarning ro‘yxatdan tez va oson o‘tishlari ta’minlanadi. Samolyotning istalgan o‘rindig‘idan joyni band etish va bir vaqtning o‘zida joylashish haqidagi talonni ham olish mumkin. Sayohatga otlanganlar yuklarini kioskdan mustaqil ro‘yxatdan o‘tkazib, parvozdan avval ularni tegishli xizmatlarga topshirish imkoniyatlari mavjud.  
 
«Uzbekistan Airports» Toshkent xalqaro aeroportiga muntazam parvozlarini amalga oshirayotgan barcha aviakompaniyalarga Self Check-In kioskalariga ulanish, xizmatdan samarali foydalanish taklifini kiritgan. Pandemiya cheklovlari tufayli hozir bu kiosk xizmatlaridan faqatgina «Turkish Airlines» aviakompaniyasi yo‘lovchilari foydalanmoqda.      
 
Qayd etilishicha, «Uzbekistan Airports» AJ va Toshkent xalqaro aeroporti SITA kompaniyasi bilan yo‘lovchilarning yuklarini ham avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish Self BagDrop tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib boryapti. Rejaga ko‘ra, bu amaliyot tizimli ravishda O‘zbekistondagi 11ta xalqaro aeroportlarning barchasida tatbiq etiladi.

Mavzuga oid