DW xabariga koʻra, Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi 12-oktabr kuni Ar-Riyod aeroportiga bir kun avval berilgan zarba oqibatlarini maʼlum qilgan.
Hujumda asosan ichki reyslarga xizmat koʻrsatuvchi 3- va 4-terminallar majmuasi zarar koʻrgan. Yongʻin chiqqan, binoga yetkazilgan moddiy zarar koʻlami aniqlanmoqda.
AP agentligi maʼlumotiga koʻra, Qirol Xolid aeroporti soʻnggi besh kun ichida toʻrt marta hujumga uchragan. U 10-oktabrdagi raketa zarbasidan buyon yopiq qolmoqda.
Oʻsha - 10-oktabrdagi alohida hujumda 13 kishi halok boʻlgan, 300 dan ortiq odam jarohatlangan. AP uni AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon Fors koʻrfazidagi arab mamlakatlarida eng koʻp qurbon keltirgan hujum deb taʼriflagan.
Saudiya rasmiylarining maʼlumotiga koʻra, 11-oktabr kuni Dammam shahri yaqinidagi Qirol Fahd xalqaro aeroporti hamda Saudi Aramco kompaniyasining ikkita obyekti ham hujumga uchragan.
Yoʻlovchilardan biri Reuters’ga snaryad uchish-qoʻnish yoʻlagiga, toʻxtab turgan bir nechta samolyot yaqiniga tushgani va yongʻin keltirib chiqarganini aytgan.
Avvalroq husiychilar Saudiya Arabistoni havo hududini «harbiy amaliyotlar zonasi» deb eʼlon qilib, avialaynerlarni bu hududdan chetlab oʻtishga chaqirgan edi.
Mintaqadagi keskinlik sentabr boshida kuchaygan. Oʻshanda husiychilar Saudiya Arabistoni janubidagi toʻrtta shaharga zarba bergan. Hujumlarda 70 dan ortiq kishi jabrlangan, neft obyektlarida yongʻinlar chiqqan.
Bunga javoban Saudiya Arabistoni xusiychilar nazoratidagi bir nechta viloyatga 60 dan ortiq aviazarba bergan.
Ayni paytda husiychilar Yamanda Qizil dengiz sohili ustidan nazoratni kengaytirishga qaratilgan hujumlarni ham kuchaytirgan. Jumladan, Moxa shahrining egallanishi Bob al-Mandab boʻgʻozi orqali oʻtuvchi savdo yoʻllari xavfsizligiga oid xavotirlarni oshirgan. Husiychilar rahbariyati boʻgʻoz Saudiya Arabistoni kemalari uchun yopiqligini ham eʼlon qilgan.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya 19-sentabr kuni husiychilar Ar-Riyodga ballistik raketa bilan zarba berishga uringanini bildirgan edi. Koalitsiya vakili Turki al-Malikiy oʻshanda raketa tutib qolinib, yoʻq qilinganini maʼlum qilgan.














