Jahon | 00:09 / 02.12.2020
5663
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinaliklar Maradonani 10 ming pesolik banknotada tasvirlashni iltimos qilishdi

Argentinaliklar hukumatga endilikda marhum futbolchi Diyego Maradonani 10 ming pesolik banknotada tasvirlash iltimosi bilan murojaat qilishdi.

Foto: Change.org

Bu boradagi aksiya Change.org saytida 30 noyabrda yo‘lga qo‘yildi va ayni vaqtda 137 mingdan ko‘proq imzo to‘pladi.

Hozirda Argentinada muomalada bo‘lgan eng yirik kupyura ming peso qiymatga ega. 

Yangi banknotaning dizayni ham taklif qilingan. U Argentina bayrog‘i kabi oq-ko‘k ranglarda bo‘ladi. Banknota markazida Maradonaning yoshligidagi surati, orqa fonda esa u tomonidan qo‘lga kiritilgan jahon kubogi tasvirlanadi. 

Argentina hukumati hozircha bu iltimosga hech qanday javob bermagan.

Avvalroq Argentina poytaxti Buenos-Ayresdagi aeroport egalari aeroport hududida marhum futbolchining haykalini o‘rnatishga va'da berishgandi. Bundan tashqari, Maradona o‘z vaqtida to‘p surgan Italiyaning Neapol shahridagi stadion uning sharafiga qayta nomlanadi.

Afsonaviy futbolchi 25 noyabrda 60 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. U poytaxt yaqinida joylashgan Tigr shahridagi uyida miyasida o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasidan keyin tiklanayotgan bo‘lgan.   

26 noyabrda prezident qarorgohida Maradona bilan vidolashish marosimi bo‘lib o‘tgan. Futbolchi Buenos-Ayres yaqinidagi qabristonda ota-onasi qabrlari yoniga dafn etildi.

Mavzuga oid