Obekt yuzlariga niqob taqqan, egniga jarrohlar kiyimi va qo‘llariga rezina qo‘lqop kiyib olgan qo‘riqchilar tomonidan ihotalangan. Aeroportning bu qismiga kirish uchun yo ikki haftalik karantindan o‘tish yoxud favqulodda holatlarda kiyiladigan libosda bo‘lishi shart.
Maxsus jihozlangan ushbu xonalar Xitoyning nazorat organlaridan tez orada tasdiq olinishi kutilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar uchun mo‘ljallangan. Aynan shu yerdan harorat nazorat qilinadigan yuk samolyotlariga ortilib, dunyo bo‘ylab buyurtmachilarga yetkaziladi.
Xitoy hukumati sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan vaksinani taqdim qilib, pandemiyaga sabab bo‘lish orqali putur yetgan o‘z imijini biroz bo‘lsada yaxshilash ilinjida.
«Vaksinalar, shuningdek, «rasmiy Pekin tomonidan ko‘rinmas qudratni namoyish etish va xalqaro maydondagi ta'sirni oshirishda instrument sifatida qo‘llanishi ham mumkin», deya fikr bildirdi Vashingtonda joylashgan xalqaro aloqalar kengashi xodimi Yanjong Xuang. Pandemiyaning ilk kunlarida o‘zini «oqlash»ga uringan Xitoy yuz niqoblari va boshqa zarur buyumlarni virusdan jiddiy zarar ko‘rgan davlatlarga tarqatgandi. Keyinchalik yetkazib berilgan buyumlarning sifatiga e'tiroz bildirilgan va Xitoy hukumati koronavirus haqidagi ma'lumotlarni soxtalashtirishda ayblangandi.
«Vaksina diplomatiyasi Xitoy uchun yana bir imkoniyatdir», deb fikrini yakunlagan Yanjong Xuang.
Vaksina diplomatiyasi nima?
Xitoyda koronavirusga qarshi vaksinalar bo‘yicha bir necha ishlanmalar ustida tadqiqotlar ketyapti. Ularning bir nechtasi so‘nggi fazaga yetib borgan va nazorat organlari tomonidan foydalanishga tasdiqni kutishyapti.
Xitoy hududida koronavirus deyarli «mag‘lub etilgani» bois, tadqiqotchi kompaniyalar o‘zlari ishlab chiqayotgan vaksinani sinab ko‘rish uchun boshqa davlatlar bilan kelishuvga erishishdi. Buning evaziga sinovlar muvaffaqiyatli o‘tib, vaksina ro‘yxatdan o‘tgach, ularga birinchilardan bo‘lib yetkazib berilishi, hatto preparat o‘sha davlatda ishlab chiqarilishi va'da qilindi.
Xitoyning Sinovac Biotech, CanSino Biologics kompaniyalari Braziliya, Meksika, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlar bilan sinovlar o‘tkazish va pirovardida vaksina yetkazib berish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Indoneziyada esa vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha kelishildi.















