O‘zbekistonlik bir guruh ziyolilar umumta'lim maktablaridagi o‘quv yili taqvimini o‘zgartirishni taklif etmoqda. Taklif tashabbuskorlarning Telegram'da tashkil etgan «Ilm-fan va ta'lim» kanalida e'lon qilingan.
Faollarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab rivojlangan davlatlarda maktablardagi o‘quv yili boshlanishi, ta'til kunlari va dars mashg‘ulotlari davomiyligining belgilanishi asosan ta'lim maqsadlaridan, tashkiliy masalalardan hamda iqlim sharoitlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
«Umumta'lim maktablari o‘quvchilari, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining kuz-qish mavsumi davrida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashidagi qator noqulayliklarni o‘quv yilining boshlanishi, tugashi hamda ta'til kunlarining muddatini o‘zgartirish va dars mashg‘ulotlari davomiyligini qisqartirish orqali sezilarli darajada bartaraf etish mumkin.
Respublikamizdagi 10 mingga yaqin umumta'lim maktablarining aksariyati qishloq hududlarda joylashgani, ushbu maktablarga 3 km radiusda joylashgan xonadonlardan ichki yo‘llarning hozirgi holatida qish kunlarida, yog‘ingarchiliklar davrida ham o‘quvchilarning, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining piyoda qatnab o‘qiyotgani, bu davrda o‘quvchilar kasal bo‘lishlarining keskin ko‘payishi, umumta'lim maktablarining markaziy isitish tizimlariga ulanmagani hamda kuz-qish mavsumida issiqlik va elektr-energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortib ketishi natijasida energiya tanqisligi vujudga kelishi, ta'lim muassasalarini kuz-qish mavsumida isitish uchun va elektr energiyasi uchun, jumladan, ko‘mir sotib olish uchun davlat budjetidan 80–100 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar sarflanayotgani masalaning dolzarbligini ko‘rsatadi», – deb yozadi taklif matnida.
Tashabbuskorlar guruhi quyidagi takliflarni ilgari surgan:
- O‘quv yilining boshlanishini 2 sentyabr kuni o‘rniga 26 avgust, tugashini esa 25 may o‘rniga 31 may deb belgilash;
- O‘quvchilar uchun amaldagi 4–9 noyabr, 28 dekabr–10 yanvar, 21–27 mart kunlaridagi ta'til kunlari o‘rniga 25 dekabrdan 2 fevralgacha qishki ta'tilni joriy etish;















