Vazirlar Mahkamasining “Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo‘yicha professional o‘qitish markaziga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilishi mumkin:

davlat xalq ta'limi, o‘rta maxsus va professional ta'lim muassasalarida yuridik fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma'lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash;

nizolarni sudgacha muqobil hal qilish mexanizmi sifatida mediatsiya institutida samarali faoliyat yuritadigan mediatorlarni tayyorlash;

tinglovchilarning intellektual mulk sohasiga oid kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish;

yosh advokatlarning tanlov orqali yetakchi xorijiy yuridik kompaniyalarda stajirovka o‘tashini tashkil etish.

Belgilanishicha:

a) 2030 yil 1 yanvardan boshlab davlat xalq ta'limi, o‘rta maxsus va professional ta'lim muassasalarida huquqiy fanlardan faqat oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan yoki Markazda pedagogik qayta tayyorlash kurslarini tugatgan va belgilangan namunadagi diplom olgan oliy ma'lumotli shaxslar dars berish huquqiga ega bo‘ladi;

b) oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarni yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, belgilangan namunadagi diplom olgan shaxslar tegishli mutaxassislik bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarning yuridik xizmati bilan bir qatorda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari hamda davlat xizmatlari markazlarida ishlash huquqiga ega bo‘ladi;

v) tadbirkorlar, davlat organlari va tashkilotlar vakillari, oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarini intellektual mulkni yaratish va himoya qilish asoslari, tijoratlashtirish, brending va marketingga o‘qitish Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) va boshqa oliy ta'lim muassasalari yuridik fakultetlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish orqali TDYuU kengashi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

g) qarorda nazarda tutilgan o‘quv kurslari bevosita, masofaviy (ishdan ajralmagan holda) yoki boshqa shakllarda tashkil etilishi mumkin.

Adliya vazirligining Advokatlar palatasi bilan birgalikda yosh advokatlarning tanlov orqali yetakchi xorijiy yuridik kompaniyalarda stajirovka o‘tashini tashkil etish uchun davlat grantlarini ajratish haqidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.