O‘zbekiston | 17:24 / 26.12.2020
13012
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident bilan uchrashuv haqida yoshlar qanday fikrda?

Joriy yil 25 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston yoshlari forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, kelajak egalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, ularni tingladi. Bunday uchrashuvlar davlat rahbari uchun g‘ayrat-shijoat bag‘ishlashi, yoshlar mamlakatning eng katta boyligi, bebaho xazinasi ekani ta'kidlandi.

Forumda ishtirok etgan yoshlar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tadbirdan olgan taassurotlari haqida so‘zlab berdi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Donoxon Ahadova:

– O‘zbekiston yoshlari forumi kuni kecha o‘tkazilgan Toshkent yoshlar forumining mantiqiy davomi sifatida e'tirof etilmoqda. Toshkent yoshlar forumida O‘zbekiston tarixida ilk bor hukumat a'zolari bilan yoshlarning ochiq muloqoti tashkil etilgandi. Bugun esa shaxsan davlatimiz rahbari bizning mulohaza va takliflarimizga quloq tutdilar. Ikki soatdan ko‘proq vaqt davomida jonli muloqot tashkil etildi.

Davlat rahbari ma'ruzasini eshitib, yoshlar uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etilganiga guvoh bo‘ldik. Eng ahamiyatlisi, innovatsion yondashuv bilan «Yoshlar murojaati portali» tashkil etilishi haqida aytildi. Albatta, bu ko‘pgina muammolarga yechim sifatida ko‘zga tashlanadi.

Shu bilan birga, prezidentimiz ko‘p farzandi shartnoma asosida tahsil oladigan oilalar uchun ta'lim kreditlari ajratilishi haqida aytdilar. Ahamiyatlisi, bu kredit universitet yoki institutda o‘qish davomida qaytarilmaydi. Talaba pulni o‘qishni bitirganidan so‘ng ishlab to‘lashi mumkin bo‘larkan. Bu esa ta'lim olish istagidagi ko‘plab yoshlar uchun katta imkoniyat, deb bemalol aytishimiz mumkin.

Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Jo‘rabek Sulaymonov:

– O‘zbekiston yoshlari forumi tarixda birinchi marta bo‘lmoqda. Prezidentimiz o‘zlarining nutqlarida kichik yutug‘imizni eslatib o‘tganlari, ota-onamizga tashakkur bildirganlari biz uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Oldinga intilish uchun bizga tilaklar tilaganlari juda xursand qildi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Dilshoda Hakimova:

– Muloqot davomida videoaloqa orqali chekka hududlardagi yoshlar ham o‘z fikrlarini bemalol bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Demak, bizga yurtboshimiz ishonyaptilar. Tadbir davomida har bir yoshning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi. Muloqotdan keyin barchamiz o‘z oldimizga bir maqsad qo‘ydik - berilgan imkoniyatlardan unumli foydalansak, albatta vatanimiz nomini dunyoga tarannum qilamiz.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari ilm yo‘lini tanlagan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keyingi yildan boshlab magistratura va doktorantura bosqichlari uchun Prezident stipendiyasi kvotasi ikki barobarga oshirilishini ma'lum qildi.

«Ishonchim komilki, bunday imkoniyat va imtiyozlarga avvalo yangi Renessans poydevorining bunyodkorlari sazovor bo‘ladi», – deya ta'kidlab o‘tdi prezident.

Mavzuga oid