15:20 / 29.12.2020
19400

Prezident vazirlar o‘rinbosarlari va o‘rta bo‘g‘im rahbarlarini tanqid qildi

Prezident ko‘pgina vazirlik idoralar faoliyatida qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgani mamlakatning eng katta kamchiligi hisoblanishini ta'kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida islohotlar xalqning kundalik hayotida o‘z ifodasini topishi, kutilgan natijalarga erishish ko‘p jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bog‘liqligi, shu maqsadda kelgusi yilda bir qator vazifalarni amalga oshirish lozimligini aytib o‘tdi.

«Yana bir bor aytaman, mana vazirlar o‘tiribdi, vazirning o‘rinbosarlari eshityapti. Ko‘pgina vazirlik idoralar faoliyatida qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgan. Ularning vazifalari aniq belgilanmaganligi sababli ularning faoliyatlarida bir-birlarini takrorlash holatlari mavjud.

Sababi, vazir o‘rinbosarlari, o‘rta bo‘g‘in rahbarlarida masalani hal qilish, javobgarlikni o‘ziga olish va tashabbus ko‘rsatishda yetarli bilim va malakaga ega emas.

Eng katta g‘ov bizda mana shu o‘rta bo‘g‘im, bu bo‘g‘imdagi rahbarlar masalasini hal qilishimiz kerak. Vazir o‘rinbosarlari o‘zlarining o‘rta bo‘g‘imdagi odamlarini o‘qitishi kerak, vazir har oyda bir marta u yerdagi xodimlarini IT-texnologiya, tillar kabi zamonaviy bilimlarga qodir yoki yo‘qligini bilishi shart.

Ular nima uchun mas'uliyatni o‘ziga olmaydi? Yo bilimi yo‘q yo qat'iyati yetishmaydi yoki korrupsiyaga berilgan.

Bu to‘ppa-to‘g‘ri, o‘rta bo‘g‘im rahbarlari bizning hozirgi islohotlarimizga mos bo‘lmagan, noto‘g‘ri ish tashkil qilyapti. Buni hamma vazirlar yozib olsin… kelgusi yil ularni hech kim kechirmaydi.

Afsuski, bunday rahbarlar aholi kutayotgan hayotiy muammolarni hal qilish o‘rniga keraksiz qog‘ozbozlik va natijasiz majlislar o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolmoqda. Hokimlar va vazirlar ham qog‘oz bilan majlisni qancha qisqartirsa, shuncha natija ko‘p bo‘ladi. Keraksiz majlis ko‘p. 2 soat majlis bilan ham davlatning puli va vaqti ketadi»,- deydi prezident.

Yana bir jiddiy kamchilik sifatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan xodimlar sonini va ish jarayonlarini optimallashtirish choralari ko‘rilmayotgani aytib o‘tildi.

Shuning uchun, hukumat ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini tayyorlashi bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda davlat boshqaruvi xodimlari sonini o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur hisoblanadi.

Kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60taga ko‘paytirib, ularni 300taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarurligi ta'kidlandi.

Mavzuga oid
Top