Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining 2021 yildan boshlab hududlarda yangi tashkil etilgan xizmat ko‘rsatish sub'yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning ishlab ketishiga ko‘maklashish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “biznes-patronaj” tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflari ma'qullanishi mumkin:
- Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘linmalari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan tashabbuskorlarning loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish;
- aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish dasturlari doirasida davlat tomonidan kompensatsiyalanadigan yillik o‘qitiladiganlarning kamida 40 foizini xizmatlar sohasi bo‘yicha tayyorlash;
- aholi qatlamlarini tadbirkorlikka o‘qitish va unga jalb qilish loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida moliyalashtiriladigan nodavlat notijorat tashkilotlari loyihalarining kamida 50 foizini xizmatlar sohasi bo‘yicha ajratish;
- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida nazarda tutilgan kredit mablag‘larining kamida 30 foizi xizmatlar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan:
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining xizmatlar sohasidagi faoliyat samaradorligi har yil yakuni bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish darajasi bilan baholanadi;
istirohat bog‘lari va xiyobonlarning 15 foizgacha bo‘lgan hududida yengil konstruksiyali savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar obektlari va ko‘chma savdo shoxobchalarini tashkil etishga ruxsat etiladi;
qishloq aholi punktlarida aholiga kompleks xizmatlar ko‘rsatuvchi maishiy xizmatlar uyini tashkil etish uchun bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlari 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narxda «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish orqali sotiladi.















