O‘zbekiston | 11:06 / 30.12.2020
28007
6 daqiqa o‘qiladi

OAV va blogerlarga «tosh otildi». UzAuto Motors'ning yuridik xizmati rahbari nima demoqchi?

UzAuto Motors yuridik departamenti direktori Rustam Shaymardonov OAV va blogerlarni kompaniyaga katta miqdorda moliyaviy zarar yetkazishda aybladi. Uning aytishicha, «buyurtma asosida tarqatilgan» bo‘hton va asossiz xabarlar «milliy brendning nufuzi»ga va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir qilgan.

Rustam Shaymardanov / Foto: Kun.uz

Ushbu ayblovlar kompaniyaning matbuot xizmati yoki moliya departamenti yoxud shunga o‘xshash boshqa biror tuzilmasi xodimi tomonidan bildirilganida, «Ha endi, achchiq ustida aytilgan gap-da...» deb e'tibor qaratmasmidim, balki. Ammo tagi bo‘sh, biror bir huquqiy asos va dalilga ega bo‘lmagan ayblovni yuridik soha vakili – kimsan kompaniyaning yuridik departamenti direktori ilgari surgani qator savollarni uyg‘otdi.

Rustam Shaymardonov yozmoqda:

«OAV va ijtimoiy tarmoqlarda «Maxsus buyurtma» asosida turli bo‘hton va asossiz xabarlarning tarqatib borilayotganligi, nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda».

Yurisprudensiya yo‘nalishidagi hamkasblarimizga ma'lumki, huquqshunosning kasbiy majburiyatlari yuzasidan aytadigan har bir so‘zi (xulosasi) huquqiy asosga ega bo‘lishi, dalillar bilan isbotlanishi lozim.

Barchaga ma'lum, UzAuto Motors kompaniyasining faoliyati sanoqli OAV va blogerlar tomonidan tanqid qilindi. Lekin Shaymardonov o‘zining iddaolarida ularning nomlarini tilga olmagan. Holbuki, kompaniya vakillari veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z faoliyatiga doir biror ma'lumotni e'tibordan chetda qoldirmagan bo‘lsalar kerak.

Rustam Shaymardonov yana yozmoqda:

«Bunday xabarlar tarqalishi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida «UzAuto Motors» AJ kunlik tushumining qariyb 30–40 mlrd so‘mga keskin kamayishiga yoxud joriy yilning avgust–sentyabr oylarida belgilangan rejani 562 mlrd. so‘mga kam bajarilishiga sabab bo‘lgan».

«Xorijiy hamkorlar bilan Jamiyatning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, zavodning texnik jihozlarini modernizatsiya qilish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish borasidagi 150 mln yevro miqdoridagi kelishuvi kechikishiga ham aynan shunday xabarlar sabab bo‘lgan».

Uning OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga nisbatan mazkur iddaolari tuhmat va yolg‘on axborot tarqatish bo‘lib qolmasligi uchun dalillar bilan asoslanishi zarur.

Shunday ekan, kompaniyadan ayrim holatlarga oydinlik kiritishni so‘rashga haqlimiz.

Hurmatli Rustam Shaymardonov, huquqshunosning so‘zi isboti bilan bo‘lishi kerak. Shu bois sizdan quyidagi holatlar bo‘yicha aniq dalillarga asoslangan javoblar kutib qolamiz:

1. Kompaniya 2020 yil avgust–sentyabr oylarida belgilangan rejani 562 mlrd so‘mga kam bajarishida, shuningdek xorijiy hamkorlar bilan 150 mln yevro miqdoridagi kelishuvi kechikishida OAV va blogerlarning aybini nima bilan isbotlaysiz?

Bu raqamlar qaysi usul bilan amalga oshirilgan hisob-kitoblar asosida aniqlanganini ochiqlang. Zero, «aybdor»lar buni bilishi kerak.

2. UzAuto Motors kompaniyasi faoliyati sanoqli OAV va blogerlar tomonidan tanqid qilingan va bularning maqola va postlar kesimida aniq ro‘yxati sizda mavjudligiga ishonamiz. Shunday ekan, kompaniya haqida «maxsus buyurtma»lar asosida yozgan OAV va blogerlar ro‘yxatini ham jamoatchilikka taqdim eting.

Faqat iltimos, bunda ham umumiy gaplar bilan aylantirmang. Aniq yozing: OAV nomi, maqola nomi va linki hamda uning buyurtmachisini ko‘rsating (buyurtma asosida yozilgani faktini asoslaydigan dalillar bilan bo‘lgani yaxshi, albatta).

3. Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, tashkilotlarning ishchanlik obro‘sini kamsitadigan ma'lumotlar tarqatilgan taqdirda, ular o‘zlarini sud orqali himoya qilishi lozim. Shunday ekan, OAV va blogerlar turli bo‘hton va asossiz xabarlar tarqatib «milliy brend»ning nufuziga va mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatgani uchun nega sudga da'vo ariza kiritmaganingiz sabablariga izoh berib o‘tsangiz.

Agar, kecha – 29 dekabr kuni e'lon qilgan bayonotingizdagi ayblovlarni isbotlab bera olmas ekansiz, demak tuhmat qilgan bo‘lasiz va UzAuto Motors haqida tanqid yozgan har bir OAV hamda bloger sizni ustingizdan vakolatli organga arz qilishga haqli bo‘lib qoladi.

Chunki, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, tuhmat qilish va yolg‘on axborot tarqatish uchun qat'iy javobgarlik belgilangan.

So‘zimiz yakunida sizdan shuni so‘rab qolamizki, bordi-yu qo‘lingizda kompaniyaning tegishli rejani bajara olmay qolishiga OAV va blogerlarni «maxsus buyurtma»lar asosida yozilgan maqolalari sabab bo‘lganini isbotlovchi dalillar bo‘lmasa, shuningdek, siz e'tirof etayotgan OAV va blogerlarning ro‘yxatini ochiqlay olmasangiz, o‘z bayonotingizga raddiya bering va UzAuto Motors haqida yozgan barcha OAV jurnalistlari hamda blogerlardan ommaviy ravishda uzr so‘rang.

Javob kutamiz.

Abbos Salaydinov,
huquqshunos

Mavzuga oid