O‘zbekiston | 18:29 / 23.10.2020
17502
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors’ning Antimonopoliya qo‘mitasi OAVga bosim o‘tkazayotgani haqidagi ayblovi isbotini topmadi

AOKA UzAuto Motors kompaniyasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sud jarayonini yoritayotgan OAVga bosim o‘tkazgani haqidagi ma'lumotini o‘rganib chiqib, ayblov isbotini topmaganini ma'lum qildi.

«Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi UzAuto Motors AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qator OAVga bosim o‘tkazilgani qayd etilgan rasmiy bayonotidagi vaziyatni o‘rganib chiqdi.

Ushbu masalani o‘rganish natijasida UzAuto Motors AJ taqdim etgan ma'lumot o‘z tasdig‘ini topmadi. Agentlik tomonidan 15 ta yetakchi elektron ommaviy axborot vositalari rahbarlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazilib, mazkur sud ishini yoritishda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan hech qanday bosim o‘tkazilmagani qayd etildi», deyiladi AOKA matbuot xizmati xabarida.

Ushbu masala yuzasidan AOKA tomonidan UzAuto Motors kompaniyasiga asossiz ma'lumotni tarqatmaslik va bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ogohlantirish kiritiladi.

Agentlik asossiz, yolg‘on ma'lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik borligini eslatib, yuridik va jismoniy shaxslar hamda OAVga tarqatilayotgan ma'lumotlarning asosliligini tekshirishni tavsiya qildi.

Avvalroq UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini maqolalarni o‘chirtirish va o‘zgartirish orqali OAVga bosim o‘tkazayotganlikda ayblagandi.

Eslatib o‘tamiz, 2 oktyabrdan boshlab Toshkent shahar ma'muriy sudida UzAuto Motors kompaniyasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi qarorini bekor qilish bo‘yicha kiritgan shikoyati ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid