Prezidentning 2020 yil 13 oktyabrdagi qaroriga asosan, 2021/22 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida majburiy umumiy o‘rta ta'lim 12 yildan 11 yilga qisqartiriladi.
Ko‘zi ojiz o‘quvchilarga dars beruvchi muallimlar shu masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda murojaat bilan chiqdi.
77-sonli ko‘zi ojiz bolalar maxsus maktab internati o‘qituvchisi Oqmurod Otamurodovning so‘zlariga ko‘ra, ta'lim muddati bir yilga qisqartirilishi – ko‘zi ojiz o‘quvchilarning davlat ta'lim standartini to‘liq o‘zlashtirishiga imkon bermaydi.
Uning aytishicha, ushbu qaror orqali imkoniyati cheklangan bolalarning barchasi bir turga olingan, ya'ni klassifikatsiya qilinmagan. Vaholanki, nogironlar turlicha bo‘ladi: tayanch harakat a'zolaridagi nuqsonlar, eshitish, ko‘rish va hokazo.
«Ayrim turdagi nogironlarning o‘qish uchun qobiliyati yetmasligi mumkin. Lekin ko‘zi ojiz bolalar aqlan sog‘lom bo‘ladi, faqat ko‘rmaydi xolos», deydi muallim.
«Ko‘rishi bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar maxsus moslamalar yordamida yozishadi. Bitta priborda 18 ta qator va bir qatorda 24 ta katak bor. Har bir katakda 6 ta nuqta bor. Shu 6 ta nuqtadan 63 ta kombinatsiya qilinadi. Priborda hammasi bir qatorga yoziladi. Unda yuqori va quyi indeks degan narsa yo‘q. Sodda qilib aytganda, matematikada daraja va indeks yoki ona tilida tagiga chiziqcha chizish degan narsalar bor, ammo ko‘zi ojiz bolalar buni bajara olmaydi.
Umumta'lim maktablarida matematika darsligi bitta kitob bo‘lsa, ko‘zi ojizlar uchun bitta darslik 10 ta kitobdan iborat bo‘ladi. Ularda bir sahifaga sig‘gan narsa, bizda 3–5 betga to‘g‘ri keladi.
Ko‘zi ojiz bolaning yozishi sog‘lomlarga nisbatan 3–4 baravar, o‘qishi esa 2–3 baravar sekin bo‘ladi.
O‘quvchilarimiz 12 yil o‘qib ko‘pgina yutuqlarga erishishgan. 12-sinf ochilganidan keyin o‘quvchilarimiz hattoki respublika olimpiadalarida ham g‘olib bo‘lishgan.
Hurmatli prezident Shavkat Miromonovich. O‘quvchilarimizning kelajakda kasb tanlashi va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun 12 yillik ta'lim qoldirilishini sizdan iltimos qilib so‘raymiz», – deydi matematika o‘qituvchisi Oqmurod Otamurodov.









