O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasi 15-turidan o‘rin olgan «Latsio»ga qarshi o‘yinda «Jyenoa» safidagi eng yorqin o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan hujumchi «Sampdoriya» va «Parma»ga qarshi bahsda bo‘lgani kabi yana qutqaruvchi vazifasida paydo bo‘ldi.
Shomurodov 58-daqiqada to‘pni maydonning «Jyenoa» harakat qilayotgan tomonida qabul qilib olib, oldinga bordi va ajoyib dribling bilan Lukas Leyvani aldab, Destroning gol urishi uchun deyarli hamma ishni qilib berdi. Xuddi «Sampdoriya»ga qarshi o‘yinda Skamakkaga amalga oshirgan uzatmasi kabi. Destroning goli «Jyenoa»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi va kuchli raqib bilan o‘yinda Ballardini jamoasi ochko oldi.
Shomurodov A Seriyadagi ikkinchi samarali harakatini amalga oshirdi. «Parma»ga qarshi o‘yinda A Seriyadagi ilk golini urgan Eldor bu gal birinchi marta golga assistentlik qildi. Aslida «Milan»ga qarshi o‘yindagi Destroning golida ham Eldor golga assistentlik qilgandi desak, to‘g‘ri bo‘ladi, chunki aynan uning zarbasidan so‘ng Donnarummaning qaytargan to‘pini Destro golga aylantirgandi. Masalan, futbol menejyer o‘yinlarida bu harakatga ochko yoziladi.

Shuningdek, Eldorning hisobida Italiya kubogida amalga oshirilgan bitta assist bor. Shu tariqa Eldor Shomurodovning Italiyadagi faoliyatida hozircha shunday statistika: 10 ta o‘yin, 1 ta gol, 2 ta assist. «Latsio»ga qarshi o‘yinda Eldor uchun o‘zini ko‘rsatish ikki karra muhim edi, chunki yangi murabbiyi Ballardini uni oldingi o‘yinda zaxirada qoldirgandi. Shu sabab Eldor yangi ustoziga maydonga tushishga haqli ekanini isbotlashni xohlardi. Buning uddasidan chiqdi ham. Ballardini o‘yindan keyin «Shomurodov va Destroning kombinatsiyasi sizni ajablantirdimi?» deb berilgan savolga xotirjam javob berdi: «Eldorni mashg‘ulotlarda murabbiy sifatida kuzatyapman, Destroni esa anchadan beri bilaman. Shu sabab ularning harakati meni ajablantirdi deya olmayman».
Biroq Tvitterda italiyalik muxlislar Eldorning harakatlariga Ballardini kabi xotirjam baho berishmadi. Ko‘pchilik u haqda iliq fikrlar bildirdi, «Jyenoa»ning asosiy o‘yinchisi deganlar ham bo‘ldi hatto. Quyida Eldor Shomurodov haqida bildirilgan juda ko‘p fikrlardan ba'zi e'tiborlilarini keltiramiz.






























