O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab, Namanganda «Vatanparvarlik avtoyurishi» tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti viloyati kengashi har yili an'anaviy tarzda o‘tkazib kelayotgan mazkur ko‘rgazmali avtoyurish aholi, xususan yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilishning o‘ziga xos ommaviy vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shahar va tumanlar markaziy ko‘chalari bo‘ylab, davlatimiz bayrog‘i bilan bezatilgan avtokarvonning o‘tishini minglab yurtdoshlarimiz havas bilan kuzatib qoldilar.

Namangan viloyati hokimi tomonidan tasdiqlangan «Avtokarvonning harakatlanish yo‘nalishi xaritasi»ga ko‘ra, navbatdagi avtokarvon «Vatanparvar» tashkiloti Namangan shahar o‘quv sport texnika klubi avtosaroyidan yo‘lga chiqdi. Tadbir ishtirokchilari Namangan shahridagi Xotira maydonida gulchambar qo‘yishdi. Namangan shahri, so‘ngra Norin, Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlaridagi «Milliy madaniyat markazi»da vatanparvarlik va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlarda Norin tuman xokimi D.Qodirov, Uchqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari S.Tursunov, Uychi tuman hokimi M.Appaqov, sektor rahbarlari, tumanlardagi mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi raisi M.Abdullaxanova, Namangan viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi – iste'fodagi polkovnik X.Xidirov va uning o‘rinbosari podpolkovnik A.Turg‘unov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Z.Mansurov, Namangan viloyat kasaba uyushma birlashmalari qo‘mitasi raisi Sh.Musayev, «Vatanparvar» tashkiloti viloyat kengashi raisi A.Alaxodjayev, Namangan viloyatidagi bir qator nuroniylar, Qurolli Kuchlar va «Vatanparvar» tashkilotining faxriylari, umumta'lim maktab o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kolleji talabalari, uyushmagan yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.