Iqtisodiyot | 10:09 / 31.01.2021
5741
3 daqiqa o‘qiladi

Antimonopoliya qo‘mitasi «O‘zeltexsanoat»ga imtiyoz va preferensiyalar berilishiga qarshi chiqdi

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga berilgan bir qancha imtiyoz va preferensiyalarni raqobot muhitiga salbiy ta’sir qiladi deb topdi.

«O‘zeltexsanoat» uyushmasiga 4ta viloyatda quriladigan texnoparklar loyihasi tashabbuskorlarini tanlash, Respublikadagi barcha yirik elektrotexnika korxonalarida savdo do‘konlarini ochish, a’zolarining huquq-manfaatlarini himoya qilish uchun sudga da’vo qilganda davlat bojidan ozod qilinish va boshqa imkoniyatlar berilgan. Antimonopoliya qo‘mitasi ushbu imtiyozlarga qarshi chiqmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Elektrotexnika sanoatini tubdan isloh qilish, hududlarda rivojlantirish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yildi.

Qaror loyihasida Farg‘ona, Andijon, Xorazm va Toshkent viloyatlarida «Elektronika-Texnokaparklari»ni quruvchi tashabbuskorlarni «O‘zeltexsanoat» uyushmasi aniqlashi va bino-inshootlar loyiha tashabbuskorlariga keyinchalik tasarrufiga o‘tkazish sharti bilan 7 yil muddatga (1 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda) yillik stavkasi 18 foizdan oshmagan miqdorda kreditga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Qo‘mita texnoparklarga ajratilgan yerlar auksionga qo‘yilishi zarurligi va ushbu bandni qayta ko‘rib chiqishni taklif etgan.

Shuningdek, qo‘mita MB tomonidan loyiha tashabbuskorlariga foizli xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya ajratilishiga qarshi chiqqan.

Bundan tashqari, loyihada elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan korxonalarga chegaradosh hududlardan bino-inshoot, yer maydonlarini 1 so‘m qiymatida ajratish mexanizmini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Antimonopoliya qo‘mitasi bu bandni ham raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiladi deb hisoblab, chiqarib tashlashni taklif etgan.

Shuningdek, qaror loyihasida «O‘zeltexsanoat»ga respublikadagi barcha yirik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalariga ajratilgan bino-inshootda savdo do‘konlari va shou-rumlar ochish imkoniyati berilishi nazarda tutilgan band olib tashlanishi lozimligi ta’kidlangan.

Loyihadagi «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga a’zo korxonalar o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda davlat boji to‘lashdan ozod etilishi bandi qo‘mita tomonidan rad etildi.

Mavzuga oid