Xitoyda aholining barcha yoshdagi guruhlarini Sinovac kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi bilan emlashga ruxsat berildi. Bu haqda xorij nashrlari xabar bermoqda.

CoronaVac vaksinasi xorijda o‘tkazilgan so‘nggi klinik tadqiqotlar natijalariga asoslangan holda ma'qullangan. Qayd etilishicha, tahlil yakunlari bo‘yicha oxirgi ma'lumotlar hozircha olinmagan.

Avvalroq Xitoyda vaksinadan yuqori xatar guruhidagi aholini emlash dasturi doirasida foydalanilgandi.

Bundan tashqari, Xitoyda o‘tgan yilning dekabridan buyon Sinopharm kompaniyasi vaksinasi qo‘llab kelinmoqda. Sinovac mamlakatda foydalanishga ruxsat berilgan ikkinchi vaksina bo‘ldi.

Shuningdek, Indoneziya, Turkiya, Braziliya, Chili, Kolumbiya, Urugvay va Laosda ushbu vaksinadan shoshilinch holatlarda foydalanishga ruxsat berilgan.