Mahalla ahli murojaati ortidan, Dorilomondagi 56-maktabga bordik. Maktabning 2 qavatli binosi 1976 yilda qurilgan.

Binoda 8 ta sinf xonasi bor. Darslar ikki smenada olib boriladi. 24 ta sinfdan 8 tasi moslashtirilgan qo‘shimcha binolarda o‘qiyapti.

Avariya holatidagi qo‘shimcha binolarning qorong‘u va zax xonalarida o‘tgan asrdan meros doska-yu partalarda kelajak avlod bilim olyapti.

O‘quvchilar kutubxona, sport zali, to‘garaklar, oshxona singari eng elementar qulayliklarni faqat orzu qilishi mumkin.

«Maktabimiz 1976 yil qurilgan. 8 ta xonasi bor xolos. Farzandlarimiz ikki smenada o‘qiydi. Mana bu qo‘shimcha bino hashar yo‘li bilan qurilgan. Partalari sobiq ittifoq davridan qolib ketgan, xonalar qorong‘u, qiyin-da...

Bu tomondagi qo‘shimcha binolar nurab, avariya holatida turibdi. Farzandlarimiz, ayniqsa boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan bolalar juda qiynalmoqda. Viloyat hokimligiga, boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik, lekin natija yo‘q», – deydi Alijon ota Nazarov.

240 o‘ringa mo‘ljallangan maktab oxirgi marta 2007 yilda kapital ta'mirlanib, qo‘shimcha binolar bilan hisoblaganda 320 o‘rinli holatga keltirilgan. Lekin hozir maktabda 550 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 37 nafar o‘qituvchi dars beradi. O‘qituvchilarning 32 nafari oliy toifali.

Maktab direktori Nosirjon Ma'rufov hamrohligida binolar holati bilan tanishdik. Dastavval 1-sinf o‘quvchilari bilim olayotgan xonaga kirdik. Kirishga kirdig-u, hayratdan yoqa ushladik: sinf xonasi juda tor, qorong‘u, devorga 50-yillarda ishlab chiqarilgan doska ilib qo‘yilgan.