O‘zbekiston | 14:45 / 19.02.2021
30198
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident kadrlar masalasiga yana bir bor to‘xtaldi va tuman hokimi bo‘lib ishlagan davrini esladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hokimlarning saviyasidagi muammolarga yana bir bor to‘xtaldi.

«Tumanlarga ayollarni rahbar qilyapmiz, chunki ayollar bor joyda adolat bo‘ladi. Hali viloyatlarga ham ayol hokim qo‘yamiz. Mana, To‘raqo‘rg‘on hokimi ayol kishi, o‘ziga ishongani uchun dadil gapiryapti. Ko‘pchilik erkak rahbarlardan yaxshi shular.

Uychini hokimini qaranglar, nima deyishni bilmaydi. Men ham tuman hokimi bo‘lganman, 400 mingdan ortiq odami bor Mirzo Ulug‘bek tumanida hokim edim.

Samarqandday katta viloyatga hokim bo‘lganimda bir so‘m pul ololmasdik. Oddiy shina olish uchun ham pul topilmasdi. Hozir har bir tumanning o‘z jamg‘armasi bor», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

18 fevral kuni prezident Namanganga tashrifi doirasida OAV vakillari bilan uchrashgan va Kun.uz muxbirining islohotlarga to‘siqlar haqidagi savoliga javob berish asnosida kadrlar masalasi, korruputsiya va davlat idoralari rahbarlarining saviyasi O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirishda qiyinchilik tug‘dirayotganini aytib o‘tgandi.

Bugungi sessiya davomida Uychi tumanidagi to‘rt sektor rahbarlari - tuman hokimi Muhammadayubxo‘ja Apaqov, tuman prokurori Ulug‘bek Nomanov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Avazbek Xo‘jaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Adhamjon Mahmudov ishdan olindi.

  • Shavkat Mirziyoyev boshqaruv organlaridagi faoliyatini aynan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida boshlagan. U 1992-96 yillarda ushbu tumanda hokim bo‘lgan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi vazifasida ishlagan, 2001-03 yillarda esa Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2003 yildan 2016 yilgacha mamlakat bosh vaziri bo‘lgan.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid