22 fevral kuni Gruziya parlamenti Irakliy Garibashvili boshchiligidagi yangi hukumat tarkibini tasdiqlagandi. Meliyaning tarafdorlari yangi bosh vazirning birinchi qiladigan ishi muxolifatchilar yetakchisini qo‘lga olish bo‘lishiga shubha qilishmayotgandi.

23 fevral kuni ertalab maxsus kuchlar Meliya va uning tarafdorlari yashiringan partiya idorasi eshigini buzib kirgan. Amaliyotda yuzlab politsiyachilar ishtirok etgan. Partiya rahbarini hibsga olish mobaynida politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan foydalangan. Qo‘lga olingan muxolifotchi zirhli mashinada olib ketilgan. U 2019 yilda tartibsizliklar uyushtirganlikda va Gruziya parlamentiga qilingan hujumda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

«Vazirlikning ko‘p marta ogohlantirish berishiga qaramay, partiya ofisiga yig‘ilganlar politsiyaning qonuniy talabiga bo‘ysunmadi va huquq-tartibot organlariga qarshilik ko‘rsatishdi. O‘z navbatida, politsiya o‘z majburiyatlarini bajarish uchun qonunchilikda ko‘zda tutilgan kuch va maxsus vositalarni ishga soldi», deyiladi IIV bayonotida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa amaliyotdan so‘ng 17 kishi tibbiy yordamga muhtojligi haqida ma'lum qilgan.

Bu vaqtda muxolifatchilarning vakillari, partiya tarafdorlarini ko‘chalarga chiqib, norozilik aksiyalari boshlashga chaqirishgan. «Garibashvili o‘ziga ham, Bidzina Ivanishviliga ham siyosiy qabr qazidi. Bu ishlar tez orada yakun topajak. Nika Meliya ozod qilinadi, biz esa g‘olib bo‘lamiz», degan jurnalistlarga «Yagona milliy harakat» vakili Zaal Udumashvili.

«Mamlakatda Ivanishvili-Garibashvilining komik diktaturasi o‘rnatilishi katta sharmandalik bo‘ladi», degan parlamentning sobiq spikeri Nino Burdjanadze.

Gruziya xalq himoyachisi (inson huquqlari bilan bog‘liq holatni nazorat qiluvchi) Nino Lomjariya Meliyaning qo‘lga olinishini sharmandalik deb atagan.

«Muxolifat partiya ofisiga reyd va muxolifatchilar yetakchisining hibsga olinishidan ortiq sharmandalik yo‘q. Bu Gruziyani G‘arb dunyosidan uzoqlashtirishi muqarrar», deyiladi Lomjariyaning bayonotida.

Shu bilan birga, Gruziyadagi hukmron partiya Meliyaning qo‘lga olinishini «namunali amaliyot» deb atagan. «IIV rahbari Vaxtang Gomelauridan har bir politsiyachi amaliyotni o‘z mansab vakolatini suiiste'mol qilmasdan o‘tkazgani uchun minnatdorman», degan partiya rahbari Irakliy Kobaxidze.

«Bugun biz shunga guvoh bo‘ldikki, biz - huquqiy va kuchli davlatmiz. Bizda kuchli politsiya va juda samarali harakatlanuvchi ichki ishlar vaziri bor», degan Garibavshili. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiyaning harakatlari Yevropa va Amerikadagi demokratiya standartlariga mos keladi.