Eksponatlar tarkibida boshqarma shaxsiy tarkibining turli yillardagi xizmat kiyimlari, tabel qurollari, uskuna va maxsus vositalaridan namunalarni ko‘rish mumkin.
Muzey 4 bo‘limdan iborat. 1-bo‘limdan Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash tizimining vujudga kelish tarixiga doir eksponatlar o‘rin olgan. Sobiq ittifoq davrida ichki ishlar organlari faoliyatiga tegishli eksponatlar esa 2-bo‘limga joylashtirilgan.


3-bo‘lim mustaqillik yillarida Toshkent shahar IIBB tizimidagi o‘zgarishlar haqida hikoya qilsa, 4-bo‘lim poytaxt IIBB sohaviy xizmatlari, tumanlar IIO FMBlari faoliyati haqida ma'lumot beradi.

Muzeyda jami 54ta stendda, 1ta sensorli infokioskda ichki ishlar organlari tarixi va faoliyatiga oid lavhalar namoyish etilgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi kadrlar boshqarmasi bosh inspektori kapitan Elbek Normo‘minov muzeyda joylashtirilgan eksponatlar va ularning kelib chiqish tarixi haqida ma'lumot berdi.

Uning hikoya qilishicha, XVIII asrga kelib, Toshkent shahri baland mudofaa devori bilan o‘rab olingan va shaharning 12ta darvozasi bo‘lib, 4 dahaga bo‘lingan. Bular – Ko‘kcha, Beshyog‘och, Sebzor va Shayxontohur dahalaridir. Har bir dahada osoyishtalikni, aholining tinchligini ta'minlash uchun mirshablar faoliyat olib borgan.

Mirshab so‘zi «tungi shahar soqchilarining boshlig‘i» degan ma'noni bildiradi. Tarixiy manbalarda aytilishicha, XVIII–XIX asrlarda Toshkent ko‘chalarida mirshab va mirshabboshilar kecha-yu kunduz, hozirgi tilda aytganda patrullik qilib, jamoat joylarida, aholi gavjum joylarda jamoat tartibini saqlash, turli janjallar, bozorlardagi tosh-tarozilarning to‘g‘riligini tekshirish, jinoyat yo huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni tartibga chaqirish va sud tomonidan ularga tayinlangan jazoni ijro etish kabi vazifalarni bajargan.
























