Norma’ning yozishicha, o‘zgartirishlarga muvofiq JPKga quyidagilar kiritiladi:
1. Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish – guvoh va jabrlanuvchini (fuqaroviy da'vogarni) ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokuror iltimosiga binoan so‘roq qilish, bu sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish uchun asoslar, ularni oldindan mustahkamlab qo‘yish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish shartlari, ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish tartibi va ko‘rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo‘yilgan shaxsni qayta so‘roq qilish uchun asoslar belgilandi.
2. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv quyidagilar uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi:
- jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish yoki tugatish;
- jinoyat ishini ayblov dalolatnomasini, ayblov xulosasini yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborish;
- JPKda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlarini birlashtirish;
- nomaqbul dalillarni ishdan chiqarib tashlash to‘g‘risida taraflardan birining iltimosi mavjud bo‘lsa, ushbu dalillarni chiqarib tashlash.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish tartibi va muddatlari, jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish va qayta tiklash, shuningdek sud ajrimini chiqarish, uning ustidan shikoyat berish va protest keltirish va boshqalar tartib-taomillar belgilandi.
3. Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv – jinoyat ishi yuritishni nazorat qiluvchi prokuror bilan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tuziladigan kelishuv. U o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumonga, ayblovga rozi bo‘lgan, jinoyat ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan tuziladi.
Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvni tuzish shartlari, kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani berish va uni ko‘rib chiqish, shuningdek aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvni sud tomonidan ko‘rib chiqish, hukm chiqarish tartibi va boshqa tartib-taomillar belgilandi.
JKga 57-2-modda kiritildi. Unga muvofiq aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha tayinlanadigan jazo muddati yoki miqdori JK Maxsus qismi tegishli moddasida (qismida) nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerak.















