Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekvatorial Gvineyadagi harbiy bazalardan biridagi portlashda yuzlab odamlar jarohat oldi
7 mart kuni Ekvatorial Gvineyaning eng yirik shahri Batada joylashgan harbiy bazada yuz bergan bir qator portlashlar oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 400dan ko‘proq kishi jarohat oldi. Mamlakat prezidenti fojiaga harbiylar loqaydligi sabab bo‘lganini va xalqaro yordam so‘raganini aytgan.
Bazada birinchi portlash mahalliy vaqt bilan soat 13:45da yuz bergan. So‘ngra 1,5 soat ichida yana kamida 3ta portlash sodir bo‘lgan. 17:44da yana bir kuchli portlash yuz bergan.
3-portlashdan keyin voqea joyiga favqulodda xizmatlar kela boshlagan. Ular fojia hududidan yaralanganlarni olib chiqqan va vayronalar ostidan odamlarni chiqarib olgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, yaralanganlar soni 420 nafarni, halok bo‘lganlar 20 nafarni tashkil qilgan.
Ekvatorial Gvineya tashqi ishlar vaziri Simeon Angue Batadagi vaziyatni falokatli deb atagan va xalqaro kanallar bo‘yicha xalqaro yordam so‘ragan.
Reuters axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, voqea oqibatida portlash hududidagi barcha binolarning tomlari qo‘porilib yuborilgan, ko‘plab binolar devorlari qulab tushgan.
Mamlakat prezidenti Obiang Ngema o‘z bayonotida portlashga harbiylar loqaydligi sabab bo‘lganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, qo‘shni fermalarga o‘t qo‘yilgan va u yerdan bazaga olov o‘tgan. Buning natijasida esa bazada saqlangan o‘q-dori portlagan.
“Bata loqaydlik va e'tiborsizlik sababli yuz bergan fojia qurboni bo‘ldi. Unga o‘q-dorilar, dinamit va boshqa portlovchi moddalar saqlanishi uchun javobgar bo‘lgan bo‘linma harbiylari aybdor”, deb ma'lum qilgan prezident.
Prezident voqeaning batafsil tergovini o‘tkazishni va yetkazilgan zararni baholashni buyurgan. Ngema shahar aholisini osoyishtalikni saqlashga chaqirgan va xalqaro hamjamiyatga yordam so‘rab murojaat qilgan.