O‘zbekiston | 15:22 / 10.03.2021
4302
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston Bekobod-Konibodom-Qo‘qon temir yo‘lini elektrlashtiradi - OAV

O‘zbekiston va Tojikiston temir yo‘l kompaniyalari Tojikiston shimolidagi temir yo‘l uchastkasi - Bekobod-Konibodom-Qo‘qon yo‘nalishi bo‘ylab elektr uzatish liniyasini qurish to‘g‘risida bitim imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Aziya-Plyus» xabar berdi.

«Yaqin kelajakda imzolanishi rejalashtirilgan bitimlarni kelishish jarayoni nihoyasiga yetmoqda», - deya xabar bergan nashrga «Tojikiston temir yo‘llari» vakili.

Kompaniya vakili ushbu loyihani ikki mamlakat mutaxassislari tomonidan amalga oshirish bo‘yicha dastlabki ishlar o‘tgan yili boshlangani, tegishli rejalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilganini ta'kidlab o‘tgan.

«Tojikiston temir yo‘llari»dan ma'lum qilishlaricha, elektrovozlarga o‘tish ikki tomonning manfaatlariga mos keladi: tashuvchi xarajatlari kamayadi, ko‘mir yoqilishidan atmosferaga chiqadigan zararli moddalar yo‘q bo‘ladi, poyezdlar harakati soni ko‘payadi, bu esa tomonlar daromadi ortishiga olib keladi.

Kompaniyadan qo‘shimcha qilinishicha, tafsilotlarni, shu jumladan shartnoma shartlarini faqat hujjat imzolangandan so‘ng bilish mumkin.

Ayni paytda, «Sputnik Tojikiston»ning ismi oshkor etilmagan manbaga asoslanib xabar berishicha, tomonlar shartnoma imzolab bo‘lgan, unga ko‘ra rasmiy Toshkent So‘g‘d viloyatida elektr uzatish liniyasi qurishni to‘liq o‘z zimmasiga olgan.

«Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Spitamen tumani chegarasidan Tojikistondagi Konibodom stansiyasigacha poyezdlar tranziti uchun 108 kilometrlik elektr uzatish liniyasi quriladi», - deyiladi xabarda. 

Hozirda nafaqada bo‘lgan taniqli tojikistonlik temir yo‘l ishchisi Usmon Qalandarov ushbu loyiha sobiq SSSR paytida ham rejada bo‘lganini ta'kidladi. 

Uning aytishicha, ushbu temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihasini uch bosqichda amalga oshirish mo‘ljallangan: Toshkent-Bekobod (So‘g‘d viloyati g‘arbiy chegarasida), Bekobod-Konibodom va Konibodom-Qo‘qon. 

Mavzuga oid