Armiya bosh qo‘mondoni Jozef Aun dushanba kuni siyosatchilarni ogohlantirib, inqiroz qurolli kuchlar mavjudligini xavf ostiga qo‘yganini aytdi.
«Askarlar ham och qolishmoqda, xuddi xalq kabi. Ularga armiya kerakmi o‘zi? Sizlar armiya mustahkam oyoqda turishini xohlaysizmi yoki yo‘q? Ularga baribir ekan», degan general dushanba kungi matbuot anjumanida.
Namoyishchilar poytaxt yo‘llarida va undan tashqarida barrikadalar qurishda davom etmoqda.
General Aun o‘z g‘azabi kimlarga qaratilganiga aniqlik kiritmagan.
Bir kun oldinroq mamlakat prezidenti Mishel Aun shoshilinch yig‘ilish chaqirib, kuch ishlatar tuzilmalardan muxolifat aksiyalari vaqtida poytaxtdagi yo‘llar to‘sib qo‘yilishiga yo‘l qo‘maslikni talab qilgandi.
(Jozef va Mishel Aun - familiyadoshlar. Ikkisi ham general maqomiga ega).

Harbiylar to‘g‘ridan to‘g‘ri prezidentga qarshi borishmayapti. Ammo Reuters agentligi manbasining aytishicha, prezidentning talabi u va bosh qo‘mondon o‘rtasida nizo keltirib chiqargan.
Dushanba kuni Jozef Aun siyosatchilarni uchinchi yil davom etayotgan inqirozdan chiqish yo‘lini topishga chaqirdi.
«Zobitlar ham ochlikdan jabr chekishmoqda. Men amaldorlarga murojaat qilmoqchiman: siz qayerga ketyapsiz? Nimani kutyapsiz? Nimani rejalashtirgansiz?» - degan general.
«Armiyaning parchalanishi bu tuzilmaning tugashini anglatadi, bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Armiya tutib turibdi va 75-yil tajribasi takrorlanmaydi», - degan Aun Livanda 1975-1990 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolik urushini nazarda tutgan holda.

O‘tgan haftada Livan funti yana bir bor rekord darajada qadrsizlangandi.
Bu valuta 2019 yildan buyon 85 foizga qadrsizlangan. Amerika valutasiga hisoblaganda, askarlar va politsiyachilarning maoshi 800 dollardan 120 dollargacha pastlagan.
O‘tgan yilda armiya askarlar ratsionidan go‘shtni chiqarishga majbur bo‘lgandi. Fevral oyida Fransiya elchixonasi Livan armiyasi uchun oziq-ovqat xayriya qildi.

















