2021 yilgi mavsum oldidan o‘zbekistonlik bir qator futbolchilar o‘z faoliyatlari davomida ilk marta legionerga aylanishdi. 2020 yil Superliga, OChL yoki milliy jamoamiz safida o‘zini yaxshi ko‘rsata olgan aksariyat o‘yinchilar yangi mavsum oldidan xorij klublari bilan shartnoma imzolashdi. Ushbu transferlarga nazar tashlagan Tribuna.uz bu yil legionerga aylangan yoki xorijdagi klubini yangilagan o‘zbekistonlik futbolchilar o‘nligini tuzdi.

Jaloliddin Masharipov

Sobiq klubi: «Paxtakor»

Yangi klubi: «Shabob Al-Ahli» (BAA)

O‘tish maqomi: transfer (1,7 million yevro) 

O‘zbekiston Superligasining 2020 yildagi eng yaxshi futbolchisi nihoyat legionerga aylandi. «Paxtakor» safida ichki turnirlarda barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan Jaloliddin Masharipov Yevropaga ketishi kutilgan bo‘lsa-da, yakunda Osiyo varianti ma'qul deb topildi. «Paxtakor» 27 yoshli hujumkor yarimhimoyachisini Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubiga 1,7 million AQSh dollariga transfer qilgan bo‘lsa-da, legionerlar cheklovi sababli saudlar Masharipovni yarim mavsumga BAAning «Shabob Al-Ahli» klubiga ijaraga berib yubordi. Jaloliddin allaqachon dubayliklarning yetakchi futbolchisiga aylanib ulgurdi.

Dostonbek Hamdamov

Sobiq klubi: «Paxtakor»

Yangi klubi: «Hatta» (BAA)

O‘tish maqomi: erkin agent

O‘zbekistonning amaldagi chempioni safini Masharipovdan tashqari, o‘ng qanot yarimhimoyachisi Dostonbek Hamdamov ham tark etdi. 24 yoshli futbolchi erkin agent sifatida Birlashgan Arab Amirliklarining «An-Nasr» klubiga o‘tgandi, biroq Dubay klubi O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolaganiga qaramay, uni chempionat autsayderi «Hatta»ga ijaraga berib yubordi. Hamdamovning bu jamoada ishi hozircha yurishayotgani yo‘q – 4 o‘yinda maydonga tushib gol emas, qizil kartochka bilan cheklandi. Hamdamovning BAAdagi faoliyati «Anji»dagidek ko‘rinish olmasligi uchun ham yarimhimoyachi legionerlik maqomini oqlashi shart.