Bu o‘rinda esa pandemiya bizga pand berdi – qo‘shimcha noqulaylik tug‘dirdi. Xo‘sh, nima uchun JCh-2022 va OCh-2023 guruh bosqichi so‘nggi o‘yinlari aynan Saudiya Arabistonida o‘tadigan bo‘ldi? O‘zbekiston milliy jamoasining asosiy raqibi uyida, boz ustiga biz uchun o‘ta noqulay iqlim sharoitida o‘ynashga majbur bo‘lganimiz sababi nima? O‘FA turnir mezbonligiga da'vogarlik qilmaganmidi? Kun.uz va Tribuna.uz muxbiri bu savollar bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Terma jamoalar markazi rahbari Aziz Haydarovga murojaat qildi.

 «Nima uchun asosiy raqibimiz maydonida o‘ynashimiz kerak?»

- Bizga OFK tomonidan dedlayn qo‘yildi. Videokonferensiya aloqasi orqali ilk bor qatnashdim. Ko‘rinib qoldiki, u yerda barcha Saudiya Arabistoniga yon bosdi. Avvalo, tartib bo‘yicha kelayotgan navbatdagi o‘yin – Yamanga qarshi matchni Saudiya Arabistonida o‘ynaysizlar, deyishdi. Bunga e'tiroz bildirdim. Nima uchun biz asosiy raqibimiz maydonida o‘ynashimiz kerak? Nima uchun Bahrayn yo boshqa neytral mamlakatda emas? Bu kimningdir manfaatini o‘ylab qilinmayaptimi? Ular esa «shoshmang, bu savolga hali kelamiz. Yaman – mezbon, u istagan maydonda qabul qiladi», deyishdi.

Xo‘p, neytral maydon, ammo guruhdagi asosiy raqibimiz maydonida emas-da! Ular aytishdi: «tanlash imkoniyati Yamanda, Saudiya Arabistoni ularning barcha xarajatlarini qoplayapti, ular shuni ma'qul topishdi». Keyin biz «muammo yo‘q, u holda biz shu o‘yinni Toshkentda o‘tkazaylik, xarajatlarni qoplaymiz», dedik. Saudiya Arabistoniga borib o‘ynamasligimizni bildirdik.

«Mezbonlikning xarajati katta bo‘lsa-da, biz bunga rozi edik»

- Bilsangiz, OFKda ko‘pgina xodimlar Saudiya Arabistonidan. Saudiya OFKga ko‘p holatlarda homiylik qiladi. Biz markazlashgan turnirni o‘tkazish masalasiga to‘xtaldik. Umid qildikki, ana shu holatda imkoniyatimiz bo‘ladi va turnirni O‘zbekistonga olib kelamiz. OFKga Yaman va Singapurni o‘z uyimizda qabul qilishga tayyormiz, deya xat yo‘lladik. Ammo rad javobini oldik. Singapurdagi karantin holatini ro‘kach qilishdi. Shuncha bahonalar qilib, turnir endi Saudiyada o‘tarmish. Qani ular aytgan pandemiya? Qani karantin? Nega Saudiyaga kelganda bunga amal qilinmayapti-yu, bizga kelganda esa ruxsat yo‘q.

Markazlashgan turnirni qabul qilishga O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni tayyor edi. Yig‘ilishda OFK bu haqda ma'lum qildi. Mezbonlikning shartlari qabul qiluvchi mamlakat ishtirokchilarning barcha xarajatlarini qoplashi lozim. Aviachiptalardan boshlab, mehmonxonadagi yashashigacha hammasini. Garchi xarajat katta bo‘lsa-da, biz bunga rozi edik. Chunki bizga jahon chempionatiga yo‘llanma kerak. Birinchidan, muxlislar katta futbol tomosha qilishadi, ikkinchidan, translatsiyalarni sotish orqali xarajatlarimizni ozmi-ko‘pmi qoplash mumkin edi. Bilasiz, translatsiya huquqi mezbon mamlakatga beriladi.