Qirg‘izqo‘rg‘on ko‘chasi mahalla markazidan 4 km uzoqda joylashgan. Murojaatchilarning aytishicha, yo‘l yomonligi sabab taksichilar ko‘chaga kirgani og‘rinishadi. Hatto «20 ming so‘mga ham kirmayman», deydiganlari ham uchrab turishini aytishdi.

Mahallada tibbiy muassasa yo‘qligi va nosoz yo‘ldan mashina kam yurgani sababli muolaja olish uchun bemorlar ba'zan 4–5 km piyoda yo‘l bosib, qishloq vrachlik punktiga borishadi.

Dildora Rahmonova

Mahallada yashovchi Dildora Rahmonovaning aytishicha, avvallari mahallaning bu qismida patronaj hamshiraning xonasi bo‘lgan. Keyinchalik u ham ko‘chib ketgan.

Yo‘l yomonligi tez yordam mashinalari ham kechikib kelishiga sabab bo‘ladi.

Farhod Rahmonov Mahalla raisi

Mahalla raisi Farhod Rahmonovning aytishicha, mahalliy hokimlik 2020 yilda hududni «Obod qishloq» dasturiga kiritishga va'da bergan. «Pandemiya boshlangani sabab dasturga kiritilishi qoldirilgan», – deydi mahalla raisi.

Mahalla aholisi ichimlik suvi muammosidan ham aziyat chekadi. 2020 yil oxirida viloyat hokimligi tomonidan mahallaga ajratilgan 500 mln so‘m mablag‘ evaziga mahallaning ma'lum qismiga ichimlik suvi tortilgan.

Qirg‘izqo‘rg‘on va Shojalilov ko‘chalarida yashovchi aholi esa ariqda oqib turgan suvdan iste'mol qiladi.

«Hozir yog‘ingarchilik yo‘q. Ariqdan oqayotgan suvlarimiz tiniq. Ozgina yog‘ingarchilik boshlansa, loyqa suvdan iste'mol qilamiz» – deyishmoqda mahalladagilar.

Bu masala bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tuman ichimlik suvi bilan shug‘ullanuvchi mutasaddilardan hamda yo‘l unitar korxonasidan munosabat so‘radik.

Ulug‘bek Ahmedov