2018 yil O‘zbkistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil qilingan edi.
Tashkilot matbuot xizmati jamg‘arma tashkil qilinganiga deyarli 3 yil to‘lishi munosabati bilan, Kun.uz’ga o‘z faoliyati yuzasidan hisobotini taqdim etdi.
Unda aytilishicha, o‘quvchilar tashkilotning o‘tgan davrdagi faoliyati bilan tanishishi hamda yoshlar jamg‘arma loyihalari bilan o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashi mumkin.
Jamg‘arma hisob-kitoblariga ko‘ra, 2018-2020 yillar davomida yoshlarning 8 635 ta biznes loyihalariga jami 1 trln. 830 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish orqali 42 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Jumladan, hisobot yillarida:
Davlat dasturi doirasida ishlab chiqarish sohasida 841,8 mlrd. so‘mlik 3 987 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 658,8 mlrd. so‘mlik 3 123 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 329,4 mlrd. so‘mlik 1 521 ta loyiha realizatsiya qilindi.
Kredit olib o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar tomonidan 4 mln. 630 ming AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilinishiga erishildi hamda ushbu yosh tadbirkorlar tomonidan davlat budjetiga yiliga o‘rtacha 100 mlrd. so‘mga yaqin soliqlar ko‘rinishidagi tushumlar amalga oshirildi.
Shuningdek, Davlat dasturi doirasida yoshlarning jami 28,8 mlrd. so‘mlik 56 ta loyihalariga Jamg‘arma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga ko‘maklashildi.
Matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, oxirgi 2 yilda hududlarda jami 19 ta «Yosh tadbirkorlar» kovorking-markazlari hamda 202 ta «Yoshlar mehnat guzari» komplekslari foydalanishga topshirilgan va ularda jami 2 380 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Yoshlarning tadbirkorlik borasidagi bilimlarini oshirish borasida
Joylarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarning bilimlarini oshirish maqsadida malakali mutaxassislar tomonidan 3 180 ta biznes seminarlar tashkil etilib, ular orqali 182 612 nafar yoshlar qamrab olindi.














