Hammasi nimadan boshlandi?
Bog‘ot shaharchasi, «Oqtepa» mahallasida yashovchi 60 yoshli tadbirkor Rustam Ro‘ziboyev 2018 yilda «Bog‘ot temir beton» oilaviy korxonasi faoliyatini kengaytirish uchun Navro‘z ko‘chasida, avtomobillarni yuvish shoxobchasi yonidagi bo‘sh turgan 200 kv.m. yer ajratilishini so‘rab hokimlikka murojaat qiladi.
Ammo kelgusida bu joyda ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilayotgani, shu sababli yer ajratilmasligi haqidagi rad javobini oladi.
Oradan 2 yil o‘tgach, aynan shu joyda boshqa bir shaxs qurilish ishlarini boshlab yuboradi. Biroq, bu ko‘p qavatli uy emas edi.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida, tadbirkor Bog‘ot tumani arxitektura va qurilish bo‘limiga murojaat qiladi. Tayinli javob bo‘lmagach, Prezident virtual qabulxonasiga shikoyat yozadi.
Prezident virtual qabulxonasiga yozilgan murojaat soxta bayonnoma bilan yopildi
Rustam Ro‘ziboyevning Prezident virtual qabulxonasiga yozgan shikoyat xati Bog‘ot tumani hokimligi xodimlari tomonidan soxta bayonnoma bilan yopib yuboriladi. Jumladan, Sarvar Xo‘janiyozov, X.Boltayev va A.Kenjayev murojaatni o‘rganish jarayonida Rustam Ro‘ziboyev bilan telefon orqali suhbatlashilgani, unga tushuntirish berilgani haqida soxta bayonnoma tuzib, imzolashadi.
Bayonnomada: «Ro‘ziboyev koronavirus pandemiyasi karantini sababli, ishchi guruh a'zolari bilan uchrashish niyati yo‘qligini aytgani», shu sababli telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilinib, suhbat o‘tkazilgani bayon etilgan.
Aslida Rustam Ro‘ziboyevga telefon orqali hech kim murojaat qilmagan va hech qanday suhbat o‘tkazilmagan. Murojaat imi-jimida soxta bayonnoma bilan yopib yuborilgan. Buning sababini Sarvar Xo‘janiyozovdan so‘raganimizda, «bu qilmishi uchun hayfsan jazosini olganini» aytish bilan cheklandi.
Soxta bayonnoma tuzilishiga Bog‘ot tumani arxitektura va qurilish bo‘limi ham qisman o‘z «hissasini qo‘shgan», ya'ni tuman hokimligiga soxta ma'lumotlar aks etgan xatni taqdim qilgan. Unda: «Rustam Ro‘ziboyev bruschatka ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 1500-2000 kv.m. yer maydoni so‘ragani» qayd etilgan. Vaholanki, tadbirkor 200 kv.m. yer so‘ragan edi. Xatni imzolagan bo‘lim boshlig‘i Farhod Qurbanovga bu haqda savol berganimizda, bu iddaolarga dalil keltira olmadi.
Yer kimga va qanday maqsadda ajratildi
Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Rustam Ro‘ziboyev so‘ragan 200 kv.m. yer maydoni oradan 1 yil o‘tgach, Bog‘ot tumani hokimining 28.09.2019dagi 5832-sonli qarori bilan «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi asosida Sevara Qurbondurdiyevaga «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi» binosi qurilishi uchun ajratib berilgan.



















