2021 yil aprelda bo‘lib o‘tadigan PIRLS xalqaro tadqiqotida O‘zbekiston ham qatnashadi. Bu haqda 31 mart kuni AOKAda o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS va PISA xalqaro tadqiqotlari oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov ma'lum qildi.

Joriy yilda o‘tkaziladigan PIRLS xalqaro baholash dasturida 60dan ortiq davlatlar qatorida ilk marta o‘zbekistonlik o‘quvchilar ham qatnashishadi. Avvaldan kutilayotgan PIRLS xalqaro tadqiqoti 2021 yilda, PISA xalqaro tadqiqoti dasturlari esa pandemiya munosabati bilan 2022 yilda o‘tkaziladi.

«2021 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadigan PIRLS tadqiqotlarida respublikamizdagi 180ta maktabda tahsil oluvchi 5 948 nafar 4-sinf o‘quvchilari hamda ularning ota onalari, maktab direktorlari va sinf rahbarlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayonida 83ta maktab va ulardagi 4800dan ortiq 15 yoshli o‘quvchilarning qatnashishi belgilangan», dedi Odil Qo‘ysinov.

Ma'lum qilinishicha,  PIRLS va PISA tadqiqotlarida ishtirok etishga yo‘naltirilgan 348ta tayanch maktablar va o‘quvchilar tasodifiylik tamoyillari asosida tanlangan. Bunda maktablardagi ta'lim tili, shahar yoki qishloqda joylashgani va o‘quvchilar soni kabi mezonlar ham inobatga olindi.

Bugungi kunda Ta'lim inspeksiyasi huzuridagi Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi tomonidan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladigan jarayonlar uchun barcha tadqiqot materiallari: baholash daftarlari va so‘rovnomalar tegishli tillarga moslashtirilgan holda tarjima qilinib, xalqaro verifikatsiyadan o‘tkazilgan.

Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tashkil etiladigan PISA xalqaro tadqiqot dasturi esa, umumiy o‘rta ta'lim tizimiga oid tahliliy va qiyosiy ma'lumotlarni, shuningdek, mamlakatlar ta'lim siyosatiga oid muhim qarorlarni qabul qilishda muhim ma'lumotlarni taqdim etadi. 2000 yildan buyon har 3 yilda o‘tkazib kelinayotgan PISA tadqiqoti 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha savodxonligini baholaydi.

PIRLS tadqiqotlari esa Ta'lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan o‘tkazib kelinayotgan bo‘lib, 4-sinf o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmasini xalqaro darajada baholashga qaratilgan. 2001 yildan buyon har besh yilda bir marta o‘tkazib kelinayotgan tadqiqotlarning 2016 yilgi natijalariga ko‘ra, 50ta mamlakat ichida Rossiya, Singapur, Hongkong, Irlandiya va Finlandiya mamlakatlari yuqori natijalarni qayd etgan bo‘lsa, shular orasida rossiyalik va singapurlik o‘quvchilar matnni o‘qish va tushunish bo‘yicha eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan.