Prezident tomonidan «Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.
Hujjat bilan quyidagilar ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
- ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;
- oila, ta'lim tashkilotlari va mahallalarda ma'naviy tarbiya uzviyligini ta'minlash;
- aholining internetdan foydalanish madaniyatini oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish;
- geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
- el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas'uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining davlat organlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘nalishidagi, ilmiy-tadqiqot va targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishidagi qo‘shimcha vazifalari belgilandi.
Ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-ijtimoiy mavzulardagi dolzarb maqolalar, jamoatchilik vakillarining ilg‘or fikrlari, shuningdek mafkuraviy jarayonlar tahlili, sohaga oid yangiliklarni to‘plash, tayyorlash va tarqatish maqsadida «oyina.uz» elektron portali tashkil etiladi.
Portal faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun markazga qo‘shimcha 15ta shtat birligi ajratiladi va uning tuzilmasida raqamli targ‘ibot bo‘limi tashkil etiladi.
Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlariga qo‘shimcha 2tadan, tuman bo‘linmalariga aholi soni 200 mingdan ortiq bo‘lganda 2tadan, 200 mingdan kam bo‘lgan taqdirda esa 1tadan qo‘shimcha shtat birliklari ajratiladi. Mazkur shtat birliklari mahalliy budjet hisobidan moliyalashtiriladi.
«Ma'naviyat targ‘ibotchisi» ta'lim muassasasi negizida markaz huzurida Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi. Shuningdek, «Tafakkur» va «Ma'naviy hayot» jurnallari hamda «Ma'naviyat» nashriyoti markaz tasarrufiga o‘tkaziladi.















